NAVOIY BILAN YAMOQCHINING O'G'LI (ertak o'qish)

Posted by Елена Бурова on

NAVOIY BILAN YAMOQCHINING O'G'LI

O‘tgan zamonda bir yamoqchi bo‘lgan ekan. Uning yolg‘iz o‘g‘li bo‘lib maktabga qatnar ekan.
Bir kun maktabga ketayotib, yigit katta bir boloxonada o‘tirgan chiroyli qizni ko‘ribdi-da, unga oshiqi beqaror bo‘lib qolibdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qiz ko‘rinmay qolibdi. Yigit sevganini bir ko‘rishga zor bo‘lib, ko‘p azoblanibdi. Bir kun kechqurun maktabdan qaytib kelayotganida beixtiyor boyning darvozasidan kirib, tashqari hovlidan o‘tib, to‘g‘ri ichkari hovliga qarab yuribdi va birdan qizni ko‘rib yuragi o‘ynab ketibdi. Es-hushini yig‘ib: — Men qayerga kirib qoldim, — deb orqasiga qaytibdi. Shu payt tashqaridan boyning tovushi eshitilib qolibdi. Yigit nima qilishini bilmay o‘zini boyning mehmonxonasiga uribdi. Boyning mehmonxonaga burilganini sezgan yigit tezlik bilan mehmonxonadagi gilamni yig‘ishtira boshlabdi. Boy hovliqib jahl bilan yigitga:
— Sen kimsan, nima qilyapsan? — debdi.
Yigit:
— Men o‘g‘riman, gilam o‘g‘irlash uchun kelgan edim, — debdi.
Boy g‘azablanib yigitning ikki qo‘lini bog‘lab qozixonaga olib boribdi. Shu payt qozining yonida Alisher Navoiy suhbatlashib o‘tirgan ekan.
Boy qoziga avval salom berib, keyin:
— Taqsir, sizning oldingizga o‘g‘ri tutib keldim. Mehmonxonaga kirsam, bu yigit gilamni yig‘ishtirib olib chiqib ketayotgan ekan. Ushlab olib huzuringizga keltirdim. Endi buni jazolasangiz, — debdi. Qozi yigitdan:
— Ey yigit, nimaga o‘g‘irlik qilding, ayt! — debdi. Yigit: — Men gilam o‘g‘irlash uchun kirib, gilamni ko‘tarib ketay deb turganimda, boy buva kelib qoldilar. Qo‘lga tushdim, — debdi. Qozi yigitning qo‘lini kesishga buyuribdi. Navoiy so‘roq-javobni eshitib, razm solib turgan ekan, tikilib qarasa, yigit tanish ko‘rinibdi. Mahallasidagi Normat yamoqchining o‘g‘li. Buning qo‘lidan o‘g‘irlik kelmaydi. Navoiy o‘ylab, yigitning bu ishida sabab bo‘lsa kerak, debdi-da, qoziga:
— Taqsir, ijozat bersangiz, yigitdan bir og‘iz gap so‘rasam. Sizlar chiqib tursangizlar. So‘rab aniqlasam, — debdi.
Qozi bilan boy tashqariga chiqib ketgach, Navoiy yigitga qarab:
— O‘g‘lim, seni yaxshi taiiyman, otang yamoqchi, sening qo‘lingdan o‘g‘irlik kelmaydi. To‘g‘risini ayt, nima bo‘ldi, balki senga yordam qilarman, — debdi.
Yigit avval uyalib, aytmabdi. Navoiy qistay bergach, aytishga majbur bo‘libdi.
— Ey, ota, men boyning qiziga oshiqman. Bundan boy ham, qizi ham xabarsiz. Bir necha kundan beri qizni ko‘ra olmay qiynaldim. Bugun bexosdan boyning uyiga kirib qolibman. Qizni ko‘rgach, o‘zimga kelib, ichkari hovlidan qaytib chiqib ketayotganimda, boyning tovushini eshitib qoldim. O‘zimni mehmonxonaga urib, gilamni yig‘ishtira boshladim. O‘zimni o‘g‘ri deb tanitdim. Taqsir, mening bundan boshqa ilojim yo‘q edi. Aslida o‘zingiz bilgan kambag‘al Normat yamoqchining o‘g‘liman. Boy ming so‘raganimiz bilan qizini menga bermaydi. Nima qilay axir, ota! — deb yig‘labdi.
Shunda Navoiy:
— Bo‘ldi, o‘g‘lim, yig‘lama, otang o‘rniga ota bo‘lib boyning qizini olib berganim bo‘lsin! — debdi va qozi bilan boyni chaqiribdi. — Taqsirlar, u yigitni va uning otasini men yaxshi bilaman. Bu yigitning qo‘lidan o‘g‘rilik kelmaydi. Bu yigit sizning qizingizga oshiq bo‘lib qolgan ekan, boy. Endi siz hozir uyingizga borib to‘y harakatini qila bering. Men o‘z nomimdan qizingizga sovchilar yuboraman. Bu juma o‘tib, kelasi juma to‘y bo‘ladi. Bu bola mening farzandim. Siz bilan biz quda bo‘ldik, boy bobo, — debdi.
Boy ham, qozi ham hayron bo‘lib, turgan o‘rnida qotib qolibdi.
Shunday qilib, Navoiy yamoqchining o‘g‘liga boyning qizini olib beribdi. Yamoqchining o‘g‘li boyning qiziga uylanib murodi maqsadiga yetibdi.

''Navoiy bilan yamoqchining o'g'li'' audio bepul eshittish

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published