2-aprel kuni daniyalik yozuvchi Xans Kristian Andersen tavalludiga 220 yil to’ldi

Posted by Dilya Usmanova on

Xans Kristian Andersen oʻz hayotini bir necha bor ertakka qiyoslagan. Haqiqatan ham u yashagan davrlarda Daniyaning kambagʻal qatlamidan chiqqan kishi butun dunyoga mashhur yozuvchi boʻlishi, koʻplab davlatlarni koʻrishi va oʻz davrining mashhur shaxslari bilan doʻstlashishi aql bovar qilmas hodisa edi.

Andersen Daniyaning kichik shaharchasi — Odenseda, kambagʻal etikdoʻz va kir yuvuvchi oilasida tugʻilgan. Uyida non koʻpincha boʻlmagan boʻlsa ham kitoblar doim boʻlgan. Andersenning iqtidorini atrofdagilar ancha erta sezgan. 4 yoshida Xans oʻqishni oʻrganib olgan edi, oʻzi pyesa va sheʼrlar toʻqiy boshlaydi. Mablagʻ yetishmovchiligi tufayli u kambagʻallar maktabida oʻqiy boshlaydi. 1816-yilda otasining vafotidan keyin Xans tirikchilik uchun ishlay boshlaydi.

1819-yilda 14 yoshli Andersen biroz jamgʻargan puli bilan poytaxt Kopengagenga omadini sinash uchun yoʻl oladi. Doʻstlari unga xor maktabiga kirishiga yordamlashadi. Iqtidorli yigitni tez payqashadi va u hatto spektakllardan biridan rol ham oladi. Teatr direktori Andersenga shahar gimnaziyalaridan birida taʼlimni davom ettirishiga koʻmaklashadi. Uni tugatgach, Kopengagen universitetida oʻqituvchilik lavozimi uchun imtihon topshiradi. Bu lavozim yosh yozuvchini yoʻqchilikdan qutqarib, hayotini keskin oʻzgartirib yuboradi.

Gimnaziyada oʻqish davomida Andersen “Xolms kanalidan Amager oroligacha sayohat” nomli ilk asari va bir qancha ertaklar bilan pyesalarini nashr qildiradi. Bulardan keyin iqtidorli yigitchani Daniya davlat arboblaridan biri Yonas Kollin uy muallimligi lavozimiga taklif qiladi. Andersen bir necha bor Yevropa boʻylab sayohat qiladi. Germaniyada boʻlganida Andersen Haynrix Hayne va Robert Shuman bilan tanishadi, Fransiyada Viktor Gyugo, Aleksandr Dyuma, Alber de Myusselar bilan koʻrishadi.

Andersen qolgan hayotini yolgʻizlikda, adabiyot bilan shugʻullanib, ertak va pyesalar yaratish bilan oʻtkazdi. 1838-yilda u oʻzining ilk toʻplamini eʼlon qiladi, unga butun dunyoga mashhur “Chaqmoqtosh”, “Suv parisi”, “Noʻxat ustidagi malika”, “Bulbul”, “Qirolning yangi libosi” kabi ertaklar kirgan edi. Oʻshandan beri uning ertaklar toʻplami davomli ravishda chiqishni boshlagan.

 

Qirqinchi yillarning oxiriga kelib, Andersen kattaroq shakldagi asarlarga oʻtishni boshlaydi, “Soya” kabi ertak-pyesa va “Yovvoyi oqqushlar”, “Qor malikasi” kabi qissalar yozadi. Andersen oʻz ertaklarining syujetini oʻylab topmasdi, balki atrofidagi olamni tasviriy, sodda va majoziy tarzda ifodalab berardi.

Andersen koʻplab beqiyos asarlar yaratgan boʻlsada (uning tanlangan asarlari sakkiz jildni tashkil qiladi), jahon adabiyotiga u ertakchi-yozuvchi sifatida kirgan. Andersen hayotligidayoq oʻz davrining eng mashhur yozuvchisiga aylangan edi. U koʻplab akademiya va ilmiy jamiyatlarning diplomi bilan taqdirlangan. Uning dafn marosida mamlakatda milliy motam kuni eʼlon qilingandi.

1958-yilda YUNESKO Xans Xristian Andersen oltin medalini taʼsis etdi. Bu medal kichik Nobel mukofoti nomini oldi. Ikki yilda bir marta bu mukofot eng yaxshi bolalar yozuvchisi va bolalar kitoblarining rassom-illyustratoriga topshiriladi. Andersen tugʻilgan 2-aprel kuni Xalqaro bolalar kitoblari kuni deb eʼlon qilingan.

 

Quyida X.K.Andersen qalamiga mansub Audiobook.uz internet dokonida oqib eshittirilgan hamda bepul tinglashingiz mumkin bolgan ertaklar royxati keltirilgan:

Noxot ustidagi malika

Archa

Chaqmoqtosh

Cho’chqaboqar

Bulbul

Yamoq ignasi

Dastorgul

Yotmaydigan qalayi soldatcha

Uchar sandiq

Yovvoyi oqqushlar

Dyuymchaxon

Qor odam

Jirkanch o’rdak bolasi

Qirolning yangi libosi

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published