ZULFIYA (1915-1996). “HAYOTNING YORQIN LAHZALARI UNUTILMAYDI…” yohud “SHOIRNING SAODATLI TAQDIRI”

Posted by Dilya Usmanova on

Ko’p bolali temirchi-hunarmand oilasida tug’ilib o’sgan Zulfiya, yoshligidanoq she’riyatni ajib bir iste’dod, she’r yozish qobiliyatini esa ona-tabiat tomonidan berilgan in’om, deb bildi. Zulfiya otasini xotirlab gapirar ekan, u o’z misolida, ishiga bo’lgan sadoqati, “mehnatga bo’lgan shijoati” orqali mehnatga qanday munosabatda bo’lish kerakligini o’rgatganini aytadi. Lekin Bedil, Navoiy, Fuzuliyning she’rlarini Zulfiya ilk bor onasidan eshitdi. Uning onasi ochiqko’ngil, shoirona qalb egasi, shu bilan birga tabiat, gullar va she’rlarni sevadigan ayol edi. Zulfiya o’zidagi she’r bitish qobiliyatini payqaganidan keyin, boshqalar uning bu qiziqishi haqida bilib qolishlari va kulishlaridan qo’rqib, uni hech kimga bildirmay yurgan.

“…Nogahon men o’y-fikrlarim oddiy so’z va iboralar bilan emas, she’riy tarzda namoyon bo’layotganini seza boshladim… Men ichimda yangrayotgan she’rlarni avval qayerda eshitganimni eslashga harakat qilar edim. Avvaliga bu she’rlarni o’zim bitganimga ishona olmadim. Bu juda ajablanarli va hattoki qo’rqinchli edi”… Pedagogika bilim yurtida tahsil olayotgan o’n besh yoshli Zulfiya kelajakda uning she’rlari dunyoning ko’plab tillariga tarjima qilinishini bilganmikan?

Kunlarning birida, Zulfiya hali tahsil olayotgan kezlari bilim yurtining majlislar zalida O’zbekistonning shoir va yozuvchilari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Ijodkor mehmonlar orasida G’afur G’ulom, Mirtemir, Uyg’un, Izzat Sulton, Hamid Olimjonlar bor edi. Ulardan biri Zulfiyaning taqdiriga ota, turmush o’rtoq, ustoz, maslahatchi, yo’ldosh va do’st sifatida bitilgan edi. Qolganlari bilan esa o’zining hayot va ijod yo’lida ko’p marotaba uchrashgan.


Zulfiya G’afur G’ulom va Nikolay Tixonov bilan


Nikolay Tixonov Zulfiya haqida shunday der edi:

Uning sheriyati hayotga muhabbat, ozodlik ruhi, buyuk hayotiy kechinmalar, barcha eng yaxshi insoniy tuyg’ularga to’la. U xalqchillik qa’ridan kelgan. Zulfiya o’zining ezgu so’zlarini aytishga muvaffaq bo’ldi va uni jonlantira oldi hamda hayotning betakror nuri bilan porladi, unda hayot tuyg'ular yaxlitligida, achchiq haqiqatida, maftunkor lirikasi va qo'shig'ida aks etdi. Shoiraning so’zlari ona yurtining shahar va qishloqlarida va hattoki uning sarhadlaridan chetda ham yangrar edi. Hindiston, Misr, Vyetnam kabi Sharq mamlakatlarida hamma uning she’rlarining kuydiruvchi alangasini yaratgan qalbini tinglar edi. Uning o’zi esa yangi tong kabi do’stlarining yo’lini yoritib turuvchi Sharq ayolidir…”

Boshqirdiston xalq shoiri Mustay Karim Zulfiya ijodini juda ifodali ta’riflagan:

Men Zulfiyaning ijodi haqida, bu ijod yaratilgan zamin va uning dastlabki tuprog’i haqida o'ylayman. Men uchun o'tmish va hozirgi kunni yaqinlashtirgan Alisher Navoiy va Zaxiriddin Boburning o’chmas sahifalariga murojaat qilar ekanman, soatlab mulohaza yuritardim va ilhomlanish daqiqalarini his etaman. Men Abdulla Qodiriy va Muso Oybekning dil rozlari va o’gitlarini chuqur o'rganaman, G'afur G'ulom va Hamid Olimjon satrlarining mag’zini chaqaman. U yerdaligimda karnay ovozi meni beixtiyor o’ziga rom etdi, surnayning samimiy ohangidan voqif bo’ldim, ba’zan xushchaqchaq, ba’zan esa mungli qo'shiq tingladim, osmono’par minoralarni zavqlanib, tomosha qildim. Yer va osmon ranglari, qadimgi donishmandlik va o’tmish sadolari, baland gumbazlar, ariqlarda oqib o’tuvchi suvlar, doimiy mehnat va doimiy harakat – bularning barchasi O’zbekistondir. Shu bois men: “Zulfiya, she’riyatning sehrli dunyosiga Siz qayerdan keldingiz?”, deb so’ramayaman”.

Zulfiyaning ismi Rasul Gamzatovning xotirasida ham bir umr saqlanib qoldi:

“…Zulfiya ismini men ilk bor Adabiyot institutida o’qiyotgan kezlarimda eshitganman,- deb eslaydi shoir. She’riyatga xos bahoriy bu ism meni hayajonga soldi, bunday ismni men avval hech eshitmagan edim. Men darhol bu ismni she’rlarimdan biriga kiritishni rejalashtirdim… Keyinchalik menga Zulfiyaning qanday shoira va qanday inson ekanligi haqida gapirib berishar edi. Ismi chiroyli-yu, ammo o’zi ismiga munosib bo’lmaydigan insonlar qancha. Shunday qilib, Zulfiya haqida bilimga ega bo’lganimda, Moskvadagi yozuvchilar qurultoyida u bilan shaxsan tanishganimda, uning she’rlarini o’qib chiqqanimda, uning ajoyib shoira va ajoyib inson ekanligini, ona yurti O’zbekistonning munosib vakili bo’lgan ajoyib Sharq ayoli ekanligini angladim. Yashirmayman, ba’zan ijodkor ayollarga yengilliklar beriladi. Ammo Zulfiya bundaylardan emas edi, u taqdiri o’z xalqining taqdiri bilan bog’langan shoira edi…

Shoir faqatgina she’rlari bilan emas, balki xalqning uning she’rlariga bo’lgan munosabati bilan ham sinaladi. Men uning vatanida bo’lganman, u bilan birga O’zbekistonga borganman. Uning qanchalik mashhurligi va ardoqli ekanligini ko’rganman. Kichiklar unga Zulfiya opa, tengdoshlari Zulfiya xonim, kattalar esa – qizim Zulfiya, deb murojaat qilishar edi. Vatandagi bunday e’tirof, izzat-hurmat, ketidan esa buntun mamlakat bo’ylab shuhrat qozonish – ijodkorning saodatli taqdiridir!”

Shoir Mixail Dudin Zulfiyaning saxiyligi va ochiq ko’ngilligi, chuqur nekbinligi va odamlarga bo'lgan ishonchi, uning doim “olganini berishga chanqoqligi” haqida yorqin va ta'sirchan gapirib o’tgan:

Men qo’limga kitob olaman.

Men Sharqning she’riyat ufqiga qarayman hamda o’ttiz yil va o'ttiz ming kilometr masofa osha deyman:

-Salom, Zulfiya!

Men kitobni ochib, o'qiyman. Bundan mening ko’nglim yorishadi. Ehtimol, Zulfiya she'riyatiga murojaat qilgan har bir kishi uning qo'shiqlarining ajoyib hamdardligidan hayotda yanada dadillashadi...

Uning she’riyatini sevib tinglashadi. Uni faqatgina paxta dalalari-yu uzumzorlarda yoki Toshkentdagi akatsiyalar-u chinor daraxtlarining tagida tinglashmaydi. Uning qo’shig’i til to’siqlari osha, She’riyatdan bahra oladigan qalblardan qalblarga o’tib boradi.

Uning She’riyati esa yorqin. U saodat va va’foni o’rgatadi. Hayot va lafz uchun mas’ullikni o’rgatadi. U hayotni sevish hamda kelajakka ishonchni o’rgatadi”.

Qizi Hulkar Hamidovna Olimjonova onasini xotirlar ekan, uni juda kamtar ayol edi, deya ta’riflaydi. Evakuatsiya yillarida Anna Axmatova Toshkentda yashagan, betob bo’lib qolganida Hamid Olimjon unga non va boshqa yeguliklar olib kelar edi. Rus shoirasi minnatdorchilik bildirib, Zulfiyaga salom yetkazishini tayinlar va uning mehmon bo’lib ketishini so’rar edi. Zulfiya Anna Andreyevnaning huzuriga borishga hecham jur’at qila olmadi. Ammo uning qalbiga yaqin va tushunarli bo’lib qolgan she’rlarini katta ijodiy zavq va ishtiyoq bilan ona tiliga tarjima qilar edi. Zulfiya Axmatova va Tsevetayevani she’riy iqtidor bo’yicha o’zidan ancha ustun qo’yar edi.


Shoirlar A.Axmatova, I.Utkin va H.Olimjon


Hamid Olimjonning bevaqt o’limi Zulfiyaning keyingi hayotini batamom belgilab berdi. U qiziga shunday der edi: “Men uning yonida to’qqiz yilgina birga bo’ldim. U men uchun ham turmush o’rtoq, ham ota, ham ustoz, ham do'st edi. Uning o’limi mening shoira bo’lishimga turtki bo’ldi. Ehtimol, u tirik bo'lganida, men har bir o'zbek ayoli qatori bola-chaqa, ro’zg’or tashvishlari bilan band bo’lib, yozishni to’xtatgan bo’lar edim. Ammo men hech kimga bunday ayol qismatini ravo ko’rmayman”. Uning o’limidan keyin Zulfiya ikkita qalam tebratishga ont ichdi – o'zi uchun va eri uchun. Turmush o’rtog’ining sevimli fasli bo’lmish har bahorda esa unga atab she’r bitar edi.

Zulfiya Hamid Olimjondan keyin ellik ikki yil umr ko’rdi va bu vaqt davomida u ellikta she’r yozdi. Bu she’rlar uning uchun toshdan emas, so’zdan iborat bo’lgan mustahkam yodgorlik edi.

Ko’pgina ajoyib rus shoirlari Zulfiyaning she’rlarini rus tiliga tarjima qilganlar. Semyon Lipkin, Svetlana Somova, Zoya Tumanova, Yuliya Neyman shular jumlasidandir.


O’zbekiston yozuvchilar qurultoyi. Toshkent, 1954 yil. Chapdan o’ngga: L.Penkovskiy, S.Lipkin, Klavdiya Ulug’-Zoda, Mirmuhsin, N.Tixonov, Zulfiya


Zulfiya va uning she’rlarini tarjima qilgan taniqli shoira Rimma Kazakovani yaqin va iliq munosabatlar bog’lab turar edi. Buyuk ijodkorgina ayolning shoira, shoiraning esa ayol ekanligini bunday samimiy e’tirof etishi mumkin:

Ehtimol men o’zim ham she’r yozganim uchun, Zulfiya haqida o’ylaganimda shaxs bilan misralar bir butunligini his qilaman va avvalam bor ajoyib ayolni ko’raman. U yorqin muhabbat, yo’qotish azobi, onalik baxti hamda insoniy iliqlikning shifobaxsh kuchidan xabardor, xalq bilan va xalq uchun yashashni biladi. U naqadar go’zal, peshonasini yarqiratib turgan xotirjamlik qandayin beg’ubor, nigohlari naqadar sho’x va quvnoq, qo’llari esa buncha ham yoqimli va o’ktam! Men necha marotaba yonimda uning misralar nafasiga mazmunga to’la kuch beruvchi nafasini eshitganman. Rus tilida uning she’rlari ona tilidagiga qaraganda anchayin ravon va ohangdor yangrar edi, o’zbek tilidagilari esa momaqaldiroqqa ham, quyosh sharsharasiga ham, daydi shamol quyuniga ham, ochilayotgan g’uncha sokinligiga ham qiyoslanar edi!

Men Zulfiyani tarjima qilar ekanman, tuyg’ularning shiddatli kuchiga bo’ysunadigan hamda bir vaqtning o’zida a’lam va qayg’uni jiddiy, munosib ko’tara oladigan, quvonchini yig’ib, uni insonlar bilan samimiy baham ko’ra oladigan shaxsning qalbini ifodalashim uchun o’zimda ham, ona tilimda ham yangi qirralarni kashf etar edim.

Zulfiya va uning she’riyati haqida gapirish – yoz oqshomida yulduzli osmon haqida gapirish bilan barobardir. Saodat, ezgulik, yashash baxti, uning eng yaxshi she’rlaridagi gullayotgan o’rik kabi mayin, nozik, mag’rur ayol ko’ngli...

Shu bilan birga mardlik, davlat kamoloti, barcha narsada fuqarolik ishtiroki, hamma qit’alardagi sofdil odamlar bilan qardoshlik aloqalarini o’rnatish unga xos sifatlardir. Vatanida sodir bo’lgan har bir narsa – urush, mehnat, orzu-niyat, sabr-toqat, g’alaba – bularning barchasi u bilan birga edi va uning she’rlarida aks etdi.

Ko’plab achchiq damlarni boshidan o’tkazgan bu yorqin ayol – saodatli inson, baxtli ijodkordir. U odamlar uchun kuyib yonishga, kechalari uyqusizlikdan aziyat chekishga tayyor…

…Mana nechinchi bor uning boshqa do’stlari qatorida men unga samimiy muhabbatimni izhor etaman, va katta-yu-kichigi bo’lmagan mana shu muhabbat haqqi men unga ortiqcha manzirat qilmasdan, murojaat qilaman, unga Zulfiya opa yoki Zulfiya xonim, deb emas, oddiygina va yanayam hurmatlab: Zulfiya, deb gapiraman, zero bu ism men uchun afsonadek tuyuladi. Unda yangi nish urgan maysaning ta’sirchanligi hamda yer va yulduzlar abadiyligi aks etgan”.


Zulfiya Rimma Kazakova bilan. Toshkent, 1985 yil


Uning she’rlari rus tilidan boshqa tillarga ham tarjima qilingan, ko’pincha shoira va uning tarjimonlarini juda iliq va mustahkam do’stlik munosabatlari bog’lab turar edi. Belorus shoirasi Edi Ognetsvetning Zulfiya haqidagi xotiralaridan parcha:

“Belorusiyaning kech kuz kunlari va ayniqsa qish faslida ko’ngil bahorgi iliqlikni sog’inadi. O’zbek do’stlarimning kitoblari, ularning maktublari, qo’ng’iroqlari-yu yuzma-yuz uchrashuvlar mana shu iliqlikni olib keladi.

Men qaynoq, hayajonli, o’ta shaxsiy, o’z ildizlari bilan xalqning barcha iztirob, alam va quvonchlarini singdirib olgan Zulfiya she’riyatini yaxshi ko’raman.

Zulfiya she’rlarini belorus tiliga tarjima qilar ekanman, hayolan men – o’zbek zaminida bo’laman. Birdan qo’ng’iroq jiringlaydi: “Salom, Edi!” Yonimda – qadrdon va iliq ovoz. Go’yo o’rtamizda masofa yoq’dek.

Men Zulfiyaning ovozini eshitar ekanman, ko’z o’ngimda O’zbekiston va uning qadrdon bo’lagi – Bastakorlar ko’chasidagi uy namoyon bo’ladi. Hamid Olimjon va Zulfiyaning uylari. Qiz boladek nozik Zulfiyani, uning farzandlari Hulkar va Omonni ko’raman. O’z Zulfiyasi, o’z oilasini juda qattiq yaxshi ko’rgan Hamid Olimjonning muloyim kulgusini eshitaman…

Urushning og’ir yillarida Belorusiya xalq shoiri Yakub Kolos bu uyga tez-tez kelib turar edi. Odatda og’ir-bosiq bo’lgan bu inson Zulfiya va Hamid Olimjon bilan uchrashuvdan keyin o’z his-tuyg’ularini yashirib o’tirmas edi: “Qanday odamlar, qanday ajoyib odamlar!”

Men uchun esa do’stlarim bilan uchrashuvlar, suhbatlar, ularning tabassumlari Belorusiya bilan vaqtinchalik ayriliq kunlarimda davolovchi tengi yo’q malham edi. Dushman ustidan g’alaba qozonishimizga bo’lgan qat’iy ishonch barchamiznning ko’nglimizni ilitar edi. Do’stlik bizga dalda berar edi”.

Hamid Olimjon bilan Zulfiya xonadonining eshiklari taqdirning achchiq qismati tufayli ona yurtini tashlab, olislardan kelganlar uchun doimo ochiq edi. O’sha kezlari Toshkentda Aleksey Tolstoy, Anna Axmatova, Vsevolod Ivanov, Korney Chukovskiy, Vladimir Lugovskoy va boshqa shu kabi buyuk adiblar yashar edilar.


 Zulfiya A.Tolstoyning rafiqasi bilan


Adabiyot ustalari bilan bo’lgan shaxsiy muloqot Zulfiyaning ijodiy tajribasini doimo boyitib kelar edi. Buni o’ziga xos bir mahorat maktabi edi, desa ham bo’ladi.


Zulfiya Sergey Mixalkov bilan


Aftidan, men juda baxtli inson bo’lsam kerak, odamlarning mehrini juda ko’p ko’rdim. Axir yaxshilik hech qachon unutilmaydi. Yillar davomida yana shuni angladimki, minglab ish va tashvishlarning ichidan asosiysini tanlay bilish, vaqtida diqqatni jamlay olish, ortiqcha ishlarni chetga surib, eng asosiy narsa – nafaqat o’zing, balki boshqalar uchun ham muhim bo’lish kerakligini tushunib yetishdir. Axir yaxshilik uchun minnatdorchiligingni sen faqatgina “rahmat” yoki “tashakkur” so’zlari bilan emas, balki hatti-harakating, muomalang va ishlaring orqali ham bildirishing kerak...”


Bir paytlar, bolalik chog’larida kichkinagina Zulfiya devordan osilib, olisdagi qorli cho’qqilarga qarashni yoqtirar edi.


-Oyi, u yerda nima bor? – deb so’rar edi u.

-Tog’lar, qizim, – javob berardi ona.

-Ularning orqasida nima bor, oyijon? U yerda ham odamlar yashaydimi?

-Bilmasam, – mayus javob berardi ona. – Qayoqdanam bilardim? U yerga borib bo’lmasa. Qor bilan qoplangan bu sovuq tog’lar juda olis va balandda…

Biroq hayot bu tog’lar unchalik ham zabt etib bo’lmaydigan emasligini ko’rsatdi. Bir necha o’n yilliklardan keyin Zulfiya bu tog’lar ustidan ko’p marotaba uchib o’tdi. U Sharqning ko’pgina mamlakatlarida bo’ldi. Hindiston, Birma, Shri-Lanka, Misr, Vyetnam, Xitoy, Yaponiya – bu mamlakatlarda Zulfiya va uning she’rlari keng tanilgan. Mana bu Zulfiya she’rlarini vyetnem tiliga o’girgan tarjimon Than

Lamning e’tirof so’zlari:

Chuqur lirika, samimiy va nozik tuyg’ular Zulfiyaning she’rlariga noyob jozibadorlik bahsh etib turadi. Shoira sifatida o’zining ijodi haqida juda aniq yozadi, unda “mehnat, gullar va muhabbat chambarchas bog’lanadi”…

Oddiy temirchining qizi mashhurlikka erishib, el ardog’i va e’tirofiga sazovor bo’ldi, ammo doimo o’ta kamtar, cheksiz mehnatsevar inson bo’lib qoldi. Iztirobli yuragi uni bir daqiqa ham tinch qo’ymas, doimo izlanishga undar edi. Zulfiyaning she’riy dil rozining ezgu nuri yana ko’plab avlodlar qalbini xushnud etsin...


Audiobook.uz loyihasining badiiy rahbari,

rejissyor

Yelena Burova


Foydalanilgan materiallar:
Adham Akbarov. Zulfiya. T.:Adabiyot va san’at nashriyoti, 1985 yil

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published