SAVOL VA JAVOBLAR RUBRIKASI

Posted by Dilya Usmanova on

Savol: Assalom alaykum! Lug’aviy birlik va turg’un birikma nima? Shular haqida tushuncha bersangiz.

Javob:

LYGAVIY BIRLIK

Lug’at unga kiritilgan lug’aviy birliklar va ularga tuzilgan lug’at maqolalaridan tashkil topgan.

Lug’aviy birlik deganda, odatda lug’atga kiritilgan va lug’at maqolasi tuziladigan so’z (bosh so’z) tushuniladi. Lekin bu terminni kengroq ma’noda, ya’ni izohli lug’atda ma’nosi (ma’nolari) belgilanib, unga (ularga) izoh beriladigan – lug’at maqolasi tuziladigan birlik ma’nosida tushunish to’g’ri va maqbuldir. Shunday tushunilganda, faqat lug’atga kiritilgan so’zlarnigina emas, yordamchi so’zlar bilan hosil qilingan (ajratib yoziladigan) tasdiq qilmoq kabi yasama so’zlarni, shuningdek, bosh so’z ishtirokida yuzaga kelgan turg’un birikmalarni (mas, bosh so’zi ishtirok etgan “boshi osmonga yetdi”, “boshi qotdi”kabi iboralarni) ham lug’aviy birlik (izohlanuvchi birlik) deb qarash o’rinli bo’ladi.

 

BARQAROR YOKI TURG’UN BIRIKMALAR

Nutqiy jarayonda fikrimizni bayon qilish uchun faqatgina so'zlar yordamidan emas, balki bir necha so'zlarning barqaror (turgun) bog'lanishidan hosil bo'lgan birikmalardan ham foydalanamiz.

Masalan, “Toshkentdagi istiqlol davrida qurilgan inshootlarni ko'rib og'zim ochilib qoldi”. Bu gapda og'zim ochilib qoldi birikmasi so'zlovchi tomonidan nutqqa tayyor holda olib kiritilgan.

“Og'zi ochilib qolmoq” birikmasi nutq jarayoniga qadar ham tayyor holda barqaror birikma sifatida mavjud bo’lgan va mazmunan “hayron bo'lmoq” degan ma'noni beradi.

Yoki “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda, deydi xalqimiz”, jumlasida “deydi xalqimiz” birikmasi tarkibidagi so'zlar o'zaro erkin bog'langan bo'lsa, undan oldingi so'zlar so'zlovchining nutqiga qadar xalqimiz tomonidan yaratilgan, tilimizda tayyor holda so'zlarning xuddi shunday tarkibini doimiy saqlagan holda mavjuddir.

Ikki va undan ortiq so'zlarning o'zaro barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutq jarayoniga tayyor holda olib kiriluvchi, til egalari xotirasida imkoniyat sifatida mavjud bo'lgan til birliklari “barqaror yoki turg’un birikmalar” deyiladi.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published