NIMA? QACHON? QAYERDA?

Posted by Dilya Usmanova on

Bola – hayot quvonchi. Farzandlarimiz uchun bu dunyodagi barcha narsa qiziq tuyulaveradi, shuning uchun ular hamma narsaning kelib chiqishi va hayotning qanday tuzilganligi haqidagi savollari bilan biz kattalarni ko’mib tashlayveradilar. Biroq bolalarning bolalarcha bergan savollari uncha-muncha kattalarni ham esankiratib qo’yadi. Kichkintoylar sizga hayot haqidagi savollar bilan murojaat qilganlarida ularning ustidan kulmang, o’zingizni olib qochmang, bolani javobsiz qoldirib burilib ham ketmang. Bu narsa uning yangilik sari izlanishini va kelajakda o’qishga bo’lgan ishtiyoqini so’ndirib qo’yishi mumkin. Agar siz bu savollarning javobini bilmasangiz, buni farzandingizga ochiqchasiga ayting va javobini birgalikda qidirib ko’rishni taklif qiling.

Quyida bolalar kattalarga ko’p beradigan savollariga javob berishga harakat qilganmiz. Marhamat, ular bilan tanishing va farzandingizning qiziqishini qondiring.

Katta bo’lish kichkina bola bo’lishdan ko’ra yaxshimi?

Biz ko’pincha bolalarga “katta bo’lganda tushunib olasan”, “sen bunga hali yoshlik qilasan” kabi iboralar bilan murojaat qilamiz. Shunda bolalarda “demak katta bo’lish yaxshi ekanda”, degan fikr tug’iladi.

Bunday vaziyatda farzandingizga kattalar kichkintoylarga qaraganda yaxshi ham, yomon ham emasliklarini, har bir inson qalban o’zini kichkintoydek his qilishini tushuntiring. Shu bilan birga kattalarning orasida yaxshilar ham, yomonlar ham bo’lishini ham aytib o’ting. Shuning uchun kichkintoylar odamlarga ular faqat katta bo’lganliklari uchun ishonch bildirishlari kerak emas.

Nima uchun soat millari aynan shu yo’nalishda yuradi?

Agar farzandingiz sizga shunday savol bilan murojaat qilsa, unga javobni quyosh soat misolida tushuntirib bering. Qadim zamonlarda shu usul bilan soat aniqlanganligini gapirib bering. Yaxshisi esa kun ochiqligida erinmasdan quyosh soatini amalda ko’rsatib bering – buning uchun yerda doira shaklini chizib, uni bo’laklarga bo’lish va markaziga birorta cho’pni o’rnatish kerak.

Nima uchun hamma odamlar bir xil tilda gaplashmaydilar?

Shu kabi savol ham bolalarni juda qiziqtiradi. Bu holda kichkintoyingizga juda qadim zamonlarda odamlar ko’p bo’lmaganliklarini, ularning hammasi bir joyda yashaganliklarini va tabiiyki bitta tilda so’zlashganliklarini gapirib bering. Bora-bora odamlar ko’payib, asta-sekinlik bilan boshqa joylarga tarqala boshlaganlar. U yerda esa yangi so’zlar va belgilar paydo bo’la boshlagan.

Hayvonlar ham turli tillarda so’zlashadilarmi?

Kichkintoyingiz shunday savol bilan murojaat qilganida, unga hayvonlar ham bir-birlari bilan muloqot qila olishlarini, faqat bunda ular inson tilida emas, o’zlarining jonivorlar tilida gaplasha olishlarini, bunda o’zbek oti bemalol nemis yoki fransuz otlari bilan muloqot qila olishlarini tushuntirib bering.

Vaqt bu nima?

Bunday savolga javob berishda kichkintoyingiz tushuna olmaydigan falsafiy mulohazalar bilan tushuntirishga urinmang. Vaqtni odamlar bolalarga ovqatni qancha vaqt pishirish, kichkintoylarini bolalar bog’chasidan qachon olib ketish hamda kim necha yoshdaligini bilish uchun o’ylab topilgan, deb tushuntirgan yaxshiroq. “Vaqt” degan tushuncha bo’lmaganida nimalar bo’lishi mumkin edi? Kichkintoyingiz bilan birgalikda shular haqida fikr yuritib ko’ringlar.

Nima uchun meni dunyoga keltirgansizlar?

Bunday savolni kichkintoy qiziqish tufayli berishi, ba’zan esa alamdan ham aytishi mumkin. Qiziqib so’raganida farzandingizga ota-onasi bir-birlarini juda yaxshi ko’rganlarini, shuning uchun ham o’zlaridagi yaxshi xususiyatlarini meros qilib oluvchi farzandlari bo’lishini istashganini ayting.

Farzandingizga oila, nasl haqida gapirib bering. Unga hech qachon “Sen hayotimizda tasodifan paydo bo’lgansan”, deb aytmang. Farzandingiz oilada aziz va ardoqli ekanligini bilishi va his etishi lozim.

Kamalak qayerdan paydo bo’ladi?

Kichkintoylarga bu fizika qonuni ekanligini, yorug’lik sinishi natijasida paydo bo’lishini aytsangiz, uning qiziqishini tezda so’ndirib qo’yasiz. Undan ko’ra kichkinagina tajriba o’tkazib, kamalak qayerdan paydo bo’lishini amalda ko’rsatib bering. Buning uchun quyosh nuri tushayotgan oyna oldiga kelib, deraza ro’parasidagi stolga suv solingan shisha idish qo’ying, polga esa bir varaq qog’oz bo’lagini tashlab qo’ying. Purkagich yordamida deraza oynasiga issiq suv purkang, so’ngra shisha idish bilan qog’oz bo’lagini kamalak paydo bo’lmaguncha surib turing.

Nima uchun Oy kunduz kuni ko’rinadi?

Eng kichik yoshdagi bolajonlar ham osmonda Kunduz kuni Quyosh, kechasi esa Oy nur sochib turishini biladilar. Ammo kunduz kuni osmonda Oyni ko’rib qolgan bolada shunday savol tug’ilsi tabiiy.

Bu hol kichkintoyga Quyosh tizimidagi sayyoralar harakati haqida gapirib berishga ajoyib imkoniyatdir. Buni o’yin tariqasida tushuntirib berishga harakat qiling.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published