KITOB MAZMUNI YODDA QOLISHI UCHUN QANDAY MUTOLAA QILISH KERAK?

Posted by Dilya Usmanova on

Kitoblar ko’pu, vaqt esa kam! Inson xotirasining imkoniyatlari cheklangan, u o’qilgan kitob mazmunini o’chirib yuborishga urinadi. Ba’zan bu narsa yaxshi – masalan, asarda qotil kimligi esda qolmagan bo’lsa, sevimli detektivlarni qayta-qayta o’qish mumkin. Ammo kitob javoni qarshisida tursangizu, qo’lingizdagi kitobni o’qigan o’qimaganingizni, u nima haqida ekanligini eslay olmaslik – achinarli! Shuning uchun to’g’ri mutolaa qilishni bilish zarur.  

 

Quyida kitobni to’g’ri mutolaa qilish, mazmunini eslab qolish va muhim ma’lumotlarni unutib qo’ymaslik uchun 4 ta tavsiya.

1.Kitob mutolaasi uchun sifatli vaqt ajrating. Agar kitobni shoshqaloqlik bilan o’qisangiz, uyqu oldidan bir necha qator ko’z yugurtirishga urinsangiz yoki baland musiqa va kimlarnidir baland ovozi ostida mutolaa qilsangiz, asar mazmunini eslab qolish ehtimoli nolga teng. Telefondan nari bo’lib, ijtimoiy tarmoqlardagi xabar bildirgichlarni o’chirib, tinch va shovqindan xoli xonaga kirib, kitob o’qisangiz, sifatli mutolaa bo’ladi va ma’lumotlar ham yaxshiroq o’zlashtiriladi.

2.Noaniqlikni bartaraf eting. Mutolaa vaqtida notanish so’z yoki tushunarsiz iboraga duch kelsangiz, Googlega murojaat qilib, uning ma’nosini bilishga harakat qiling va uni to’g’ri tushunganingizga ishonch hosil qiling. Muayyan bir so’z murakkab akademik termin ko’rinishida kelsa, vaqt ajratib, “muallif nima demoqchi bo’lganligi” ni aniqlashga harakat qiling. Masalan, “assertivlik” so’zining ta’rifi – “shaxsning o’zgalar ta’siri va baholashlariga qaram bo’lmasligi, o'z haq-huquqlarini dadil himoya qilib, o'z sha'nini, qadrini saqlashi hamda o’z hatti-harakatlariga mas’uliyatidir”. Qisqacha qilib aytganda, o’ziga nisbatan ishonch va qat’iyat ko’nikmasi. So’zning ta’rifiga diqqat bilan e’tibor bersangiz, ma’nosini ham to’g’ri tushunasiz va eslab qolish ham oson bo’ladi. 

3.Muhokama qiling. Kitob mazmunini eslab qolishning samarali usullaridan yana biri, uni birov bilan muhokama qilishdir. Kitobxon do’stingiz bilan baxslashishga sabab bo’lgan roman yoki yaqin insoningizni sizga sevgi izhor qilishiga undagan asar hech qachon yodingizdan chiqmaydi.

4.Qaydnomalar qiling. Iqtiboslar va qiziqarli fikrlarni qayd eting, asarning qisqacha mazmunini yozib boring. Buning uchun yoshi kattalar eskicha usul, ya’ni bejirim bloknot va siyohli ruchkadan foydalanadilar. Zamonaviy usul esa qaydnomalarni telefonga yozib borish yoki kitobxon blogini yurgazishdan iborat.

Siz mutolaa qilganlaringizni qanday eslab qolasiz? G’oyalaringizni izohlarda qoldirsangiz, bilimlar bazasi yig’iladi.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published