EGRI VA TO'G'RI. O'zbek xalq ertagi

Posted by Dilya Usmanova on

EGRI VA TO'G'RI

Ertakchi Matnazarov

Qadim zamonda bir qishloqda bir yigit bor ekan. Unga Toʼgʼriboy deb nom bergan ekanlar. Uning bittagina ozgʼin otidan boʼlak narsasi yoʼq ekan. Bora-bora qishloqda ish topilmaydigan boʼlib, uning ahvoli ogʼirlashibdi. Oti bilan mardikor ishlashga ikkinchi bir tomonga joʼnab ketibdi. Yoʼl yuribdi, yoʼl yursa ham moʼl yuribdi. Yoʼlda unga bitta piyoda yigit hamroh boʼlibdi. Ikkisi suhbatlashib ketaveribdi.

— Xoʼsh, yoʼl boʼlsin? — debdi Toʼgʼriboy.

— Mardikorlik qilish uchun uzoq shaharga ketayotibman, — deb javob beribdi piyoda yigit.

— Isming nima?

— Egriboy.

— Seniki-chi?

— Toʼgʼriboy. Ikkimizning nomimiz bir-biriga mos ekan, kel, endi doʼst boʼlaylik, birga ishlab, birga yuraylik,— debdi Toʼgʼriboy. Ikkovlari shunday deb ahdlashibdi.

Otliq yigit sherigining piyoda yurganiga rahm qilib, unga otini beribdi. Egriboy egarga oʼtirishi bilan otga bir qamchi berib, tezda koʼzdan gʼoyib boʼlibdi. Toʼgʼriboy hayron boʼlib qolaveribdi. “Doʼstman, deb dushmanning ishini qilib ketdi,” deb oʼylabdi u. Rangi oʼchibdi, qoni qochibdi. Oxiri piyoda yoʼlga ravona boʼlibdi. Kech kiribdi. Tik yoʼldan adashib, bir soʼqmoqqa qayrilibdi. Soʼqmoq ham qalin bir oʼrmonga kirib yoʼqolgach, Toʼgʼriboy qayoqqa borishini bilmay, sarosimaga tushibdi.

Kech kuz pallasi ekan. Daraxtlarning yaproqlari toʼkilgan, qir yalangʼoch, bargsiz qolgan qalin oʼrmon ekan. Toʼgʼriboy hamon yoʼl axtarib yuraveribdi. Kech kirib qorongʼu tushibdi. Osmonda yulduzlar ham koʼrina boshlabdi. Toʼgʼriboy yoʼlda bir eski tandirga duch kelibdi. U oʼylabdi: “Qorongʼu kechada oʼrmonda yurish yaxshi emas, kechani shu tandirda yotib oʼtkazayin”, deb uxlash uchun tandir ichiga kirib yotibdi.

Shu vaqtlarda oʼrmonda arslon — podshoh, yoʼlbars — vazir, boʼri—karnaychi, qashqir — surnaychi, tulki — dostonchi ekan. Haligi tandir turgan joy shularning bazmgohi ekan. Birozdan keyin bir qashqir kelib, tandir atrofini aylanib, uvlabdi. Oradan sal oʼtmay, oʼrmondagi butun hayvon shu yerga yigʼilibdi. Аrslon podshoh oʼrniga oʼtirib, oʼrmon ahllarining majlisini davom ettiribdi. Tulki doston boshlabdi:

— Yoronlar, shu oʼrmon orqasidagi togʼda bir gʼor bor, men oʼn yildan buyon oʼsha gʼorda yashayman. Odamlarning uyida nimaiki boʼlsa, mening uyimda ham bor. Oʼn yildan beri mol yigʼaman: gilam, palos, koʼrpa, toʼshak — hammasi bor menda. Yaxshi-yaxshi ovqatlar ham bor.

Tandir ichida oʼtirgan Toʼgʼriboy oʼzicha oʼylabdi: “Yaxshi, tulkiboynikiga mehmonga borsam boʼlar ekan”. Navbati bilan qashqir soʼz boshlabdi:

— Sening joying qiziq emas, tulkiboy. Mana bu tepa ostida mening bir sichqonim bor, har kun tush vaqtida shuni tomosha qilaman. Uning qirq bitta tillasi bor. Shularni inidan chiqarib oʼynaydi, keyin ularni oʼrtaga uyib, oʼzi tomosha qiladi, atrofida aylanadi, keyin yana iniga opkirib ketadi.

Endi ayiq afsonasini eshiting:

— Bu ham qiziq emas, — deb soʼzga kirishibdi ayiq, — bizning shu oʼrmonda bir qayragʼoch bor, uning pastrogʼida ikki shoxchasi bor. Shu shoxchalarning yaproqlari butun kasallarga davo. Mana shu shahardagi podshohning qizi yetti yildan buyon kasal. Podshoh jar soldiradi: “Kimda-kim shu qizimni sogʼaytirsa, uni oʼshanga beraman” deydi. Sogʼaytirolmagan kishini oʼldiradi. Koʼp tabiblar qizni sogʼaytirolmasdan, dorga osilib ketdilar. Аgar oʼsha qayragʼoch yaprogʼini ezib, shu qizga ichirilsa, u darrov sogʼayar va shu ishni qilgan kishi podshoh qizini olar edi.

Soʼngra boʼri afsona boshlabdi:

— Yoronlar, bizning ham bir qiziq hikoyamiz bor. Shu oʼrmonning narigi chekkasida bir boyning qirq mingta qoʼyi bor. Men har kuni ikki qoʼyni yeyman. Meni ushlash uchun hamma hiylani ishlatdilar. Lekin hech iloj topolmadilar. Mana shu yaqin oradagi qir boshida turuvchi chol boboning bir iti bor. Аgar shu itni sotib olsalar, u meni tilka-pora qilar edi.

Eng oxirida yoʼlbars gap boshlabdi:

— Boʼri aytgan boyning oʼn ming yilqisi shu oʼrmonning bir chekkasida oʼtlab yuradi. Men shundan har kuni bir ot yeyman. Lekin shu otlarning ichida bir ola aygʼir bor. Bir kishi ana shu ola aygʼirga minib, qoʼliga qirq qildan eshilgan kamand olsa, bir qoʼlida uzun xoda ushlab, boʼynimga kamand solib, meni oʼlguncha ursa, shu yilqiga sira yaqinlashmas edim. Mening eng katta dushmanim shu ola aygʼir ekanligini boy bilmaydi...

Yoʼlbars afsonasini tugatishi bilan tong ham yorishibdi. Hamma hayvonlar joy-joyiga tarqab ketibdilar.

Toʼgʼriboy tandirdan chiqib tulkining makoniga boribdi. Qarasa, hamma narsa joy-joyida, goʼsht ham bor, yogʼ ham bor, guruch ham bor. Darhol qozonga yogʼ solib, olovni yoqa boshlagan ekan, togʼ boshidan oshib kelayotgan tulkini koʼrib qolibdi va oʼzini panaga olibdi. Tulki uyga kelgach, qozonda yogʼ dogʼ boʼlayotganini koʼrib, hayron boʼlib qolibdi. Shunda Toʼgʼriboy tulkini tappa bosib, boʼgʼib oʼldiribdi. Osh qilib yeb, qornini toʼydiribdi va yotib uxlabdi.

Ertasiga Toʼgʼriboy qashqir aytgan tepalikni izlab ketibdi. Uni ham topib sichqonni oʼldiribdi va tillalarini beliga tugib olibdi. Keyin ayiq aytgan qayragʼochning yaprogʼini ham olibdi.

Soʼngra choʼpon tomonga yoʼl solibdi. Choʼponni topib, undan hol-ahvol soʼrabdi. Shunda choʼpon:

— Аhvol yomon, — debdi, — ancha vaqtdan beri bir boʼri har kuni ikkitadan qoʼyimni yeb ketadi. Hech ilojini qilolmayman. Xoʼjayin meni baloga qoʼyadi.

Toʼgʼriboy soʼrabdi:

— Men shu boʼridan sizni qutqazsam, nima berasiz?

Choʼpon xoʼjayindan qirq qoʼy olib berishga vaʼda qilibdi.

Toʼgʼriboy haligi boboning itini sotib olib, choʼponga beribdi.

Choʼpon boʼri ofatidan qutulibdi va Toʼgʼriboyga xoʼjayindan qirq qoʼy olib beribdi.

 

Shundan soʼng Toʼgʼriboy yilqichining oldiga boribdi. U bilan hol-ahvol soʼrashgandan keyin: shu kechasi ola aygʼirni egarlab, qirq qildan eshilgan kamandni, uch gaz xodani menga toʼgʼrilab bering! — debdi.

Toʼgʼriboy otni minib, yoʼlbars keladigan soʼqmoqni poylab turibdi. Birdan yoʼlbars oʼrmondan yugurib chiqib, oʼzini otlar orasiga uribdi. Toʼgʼriboy kamandni rostlab turib, yoʼlbarsning boʼyniga solibdi. Oʼrmonda yoʼlbarsni aylantirib yurib, oʼlguday uribdi. Yoʼlbars holdan ketib yiqilibdi. Yilqibon Toʼgʼriboyning xizmati uchun ola aygʼirni beribdi. Toʼgʼriboy ola aygʼirni minib shaharga yoʼl solibdi. Shaharga borsa, bozorda jarchi jar solayotgan ekan: — Podshohning qizi yetti yildan buyon kasal, kimki uni sogʼaytirsa, podshoh oʼshanga qizini beradi!.. Sogʼaytirolmasa, oʼldiradi!

Toʼgʼriboy jarchining orqasidan podshoh huzuriga boribdi va qizini boqib tuzatishga vaʼda beribdi. Podshoh Toʼgʼriboyni qizining huzuriga boshlab kiribdi. Toʼgʼriboy yonidagi yaproqni qizga ezib ichiribdi. Shu bilan qiz uch kun deganda sogʼayib ketibdi. Podshoh qizini Toʼgʼriboyga beribdi.

Podshoh Toʼgʼriboydan soʼrabdi:

— Endi sizni qaysi shaharga hokim qilay?

Toʼgʼriboy aytibdi:

— Menga hokimlik kerak emas. Oʼrmon etagidagi togʼ ustiga bir uy solib bersangiz, bas. Men oʼz mehnatim bilan kun kechiraman.

Podshoh uning aytganini qilibdi. Toʼgʼriboy xotini bilan togʼda yashabdi. Kunlardan bir kun tush vaqtida oʼzining qadimgi otini minib borayotgan hamrohi Egriboyga koʼzi tushibdi. Uni chaqirib keltiribdi va yaxshilab ziyofat qilibdi. Egriboy:

— Doʼstim, — debdi, bunday baland joyga qanday qilib imorat solding? Uyli-joyli boʼlibsan, bularni qayerdan topding? Birovga xiyonat qilgan kishining qorni sira toʼymas ekan. Sening otingni olib qochib, qayerga borsam, ishim chappasidan keldi. Oʼshandan beri bir marta ham qornim nonga toʼyganini bilmayman.

Toʼgʼriboy:

— Mana bu oʼrmon ichida bir tandir bor. Men oʼsha tandir ichida bir kecha yotib, bu narsalarga erishdim, — degan ekan, Egriboy:

— Sadagʼang boʼlay, menga ham koʼrsatib qoʼy, men ham oʼsha tandirda bir kecha yotib chiqay, — debdi.

Toʼgʼriboy uni boshlab borib, tandirni koʼrsatibdi. Egriboy tandirga kirib yotibdi.

Oʼrmon hayvonlari yana yigʼilishibdi. Аrslon podshoh:

— Mening afsonachi doʼstim tulki qayerda? — deb soʼrabdi.

Qashqir oʼrnidan turib shunday debdi:

— Аfsona qursin: u kungi afsonaning kasofati bilan siz tulki doʼstingizdan, men tillali sichqonimdan ayrildim.

Uning ketidan ayiq oʼrnidan turib:

— Qayragʼochimizning yaproqlarini ham olib ketibdilar, — debdi.

Navbat boʼriga kelganda, podshohga qarab debdi:

— Men oziq-ovqatimdan ajradim, choʼpon men aytgan itni sotib oldi, tilka-poramni chiqazdi. Kaltak zarbidan aʼzoyi-badanim shishib ketdi.

Аrslon podshoh qovogʼini solib turib, buyuribdi:

— Kim chaqimchi boʼlsa, tutib oʼldiring!

 

Qashqir tustovuqdan koʼribdi. Tustovuq: “Chaqimchi tandirda” deb uchib ketibdi. Hamma hayvonlar birdaniga tandirga yugurishib, uning ichida berkinib yotgan Egriboyni tutib olishibdi va “chaqimchining jazosi — shu!”, deb uni tilka-tilka qilib tashlashibdi.

Shunday qilib, Toʼgʼriboy toʼgʼriligidan maqsadiga yetibdi. Egriboy esa egriligidan jazosini tortibdi.

Egri va To'g'ri audio-ertagi

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published