Bolada kitob mutolaasiga nisbatan mehr uyg’otish yo’llari
Hammamizga ma’lumki, maktab va maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalarga harflarni va o’qishni o’rgatish metodikasi mavjud. Ammo kitoblarni mutolaa qilishni o’rgatish, unga mehr uyg’otish metodikasi yo’q. Shuni unutmaslik lozimki, agar bolada kitob o’qishga ishtiyoq bo’lmasa, uni majburlab singdirib bo’lmaydi. Kitobga, uni o’qishga bo’lgan ishtiyoqni mohirona yo’l va asta-sekinlik bilan uyg’ota borish lozim. Fransuz yozuvchisi Daniel Pennak ushbu mavzuda yo’riqnoma ishlab chiqgan.
U bolalarni mutolaa qilishga o’rgatishning oltin qoidalarini ta’rifladi. Ushbu dohiyona va oddiy qoidalar haqiqatdan ham yaxshi natija beradi. Ular minglab bolalarning kitob bilan do’stlashishlariga yordam berdi. Mazkur qoidalarni siz ham qo’llab ko’ring, shunda bir oydan keyin farzandingiz kitobni o’z xohishi bilan o’qishining guvohi bo’lasiz.
Daniel Pennakning oltin qoidasi
1.O’qimaslik huquqi
Bolani kitob o’qishga hech qachon majburlamang! Jahlingiz chiqsa ham mayli, biroq zo’rlamang. Uning o’rniga mutolaa qilishga qiziqtirishning yo’llarini topishga harakat qiling. Eng yaxshi yo’li – farzandingizga kitobni o’qib bering-da, uni eng qiziqarli joyida to’xtating.
2.Sahifalarni o’tkazib yuborish huquqi
Bolaga zerikarli sahifalarni (masalan, uzun yozilgan tabiat tasviri) o’tkazib yuborib, o’ziga qiziq bo’lgan joylarni o’qishiga qo’yib bering.
3.Oxirigacha o’qimaslik huquqi
Hech qachon farzandingizga yoqmagan kitobni oxirigacha o’qib chiqishga majburlamang. Hali ko’rasiz, u o’ziga yoqgan kitoblarni bir necha marotaba o’qib chiqadi.
4.Qayta o’qish huquqi
Bola o’zi xohlagan kitobini qayta-qayta mutolaa qilishiga imkon yarating.
5.Istagan narsasini o’qish huquqi
Bu qoida bir qarashda g’alati ko’rinishi mumkin, biroq u juda muhim. Maktab yoshidagi har bir bola juda ko’plab cheklovlarga duch keladi, shuning uchun ham u mutolaada erkinlikga va o’z xohishi bilan kitob tanlash huquqiga ega bo’lishi lozim. (Ta’qiqlangan adabiyotdan tashqari, albatta)
6.Hayolot olamiga tushish huquqi
O’smir bola kitob mutolaa qilar ekan, hayolot dunyosiga tushishi turgan gap. Bunday paytda farzandingizning hayolidagi qahramon haqiqiy emasligini tushunsangiz ham uning ustidan kulmang va boshqalarning kulishiga yo’l qo’ymang.
7.Istalgan joyda mutolaa qilish huquqi
Agar farzandingiz kitobni karavotida, metro yoki avtobusda va hattoki ovqatlanayotganda mutolaa qilsa, unga to’sqinlik qilmang. Agar farzandingizning qo’lidan kitob tushmayotgan bo’lsa, demak siz maqsadingizga erishdingiz: u kitobga mehr qo’ygan.
8.O’qiganligi haqida aytmaslik huquqi
Bolaning nima haqida mutolaa qilganini aytmasligi normal holat hisoblanadi. Buning uchun jahlingiz chiqmasin. Ehtimol unga kitobdagi syujet yoqmagan yoki aksincha, tasvirlangan voqeadan hayratga tushgan bo’lishi mumkin. Uni shoshirmang, o’ziga kelib, hayollarini jamlab olishiga vaqt bering.
Ushbu qoidalarning sizga va farzandingizga foydasi tegadi degan umiddamiz.
Hurmat bilan,
kolobok.ua manbaidan qisqa tarjima