“BIR KUNI ZULFIYA OPA…”: O’ZBEKISTON XALQ SHOIRASI YOZUVCHI ERKIN MALIK XOTIRALARIDA

Posted by Dilya Usmanova on

Bir necha oy oldin “SHARQ ZIYO-ZAKOVAT” nashriyotida toshkentlik yozuvchi Erkin Malikning “Bir kuni Zulfiya opa…” nomli kitobi chiqdi.


Kitobning boshqa ko’pgina kitoblardan farqi, muallif unda tasvirlangan voqealarda bevosita ishtirok etgan. Erkin Malik ko’p yillar davomida Zulfiya xonim bilan “Saodat” jurnali tahririyarida mas’ul kotib bo’lib ishlagan va uning ishonchli maslahatchisi bo’lgan. Uning xotiralarida ko’plab shaxsiy masalalar, real voqealar va shaxslar yodga olinadi. Ehtimol, kimdir tasvirlangan voqealar qahramonlari orasida o’zini tanishi, qalb xotirasi esa bir vaqtlar boshdan o’tgan, ammo huddi kechagiday tuyuladigan kuchli va chuqur his-tuyg’ularni qo’zg’atishi mumkin. Bir odam yoki ko’pchilikning taqdiri hal bo’layotgan paytda loqayd bo’lolmaydigan yoki vaqti yo’qligini bahona qilib, otib keta olmaydigan inson, ayol, shoiraga nisbatan hayolan yana bir bor minnatdorchilik so’zlari va shukronalar yangraydi. Zulfiya xonim insoniyligi bilan porlab turar edi, bu uning butun hayotini bag’ishlagan xizmatidagi kuchli sifati edi.

Kitobda tasvirlangan ko’plab voqealardan biri – “Oltin medallilar” hikoyasidir. Unda muallif Zulfiya xonimning katta hayotga endigina qadam qo’yayotgan, orzulari ushalishi va mo’jiza ro’y berishini kutayotgan yosh qizlar taqdiriga e’tibori, g’amxo’rligi va undagi ishtirokini tasvirlaydi. Va aynan Zulfiya xonimning sharofati bilan bu mo’jiza ularning taqdirida sodir bo’ladi…


OLTIN MEDALLILAR
Katta qizim Dilfuza oltin medal bilan maktabni tamomlab, O’rta Osiyo pediatriya institutiga hujjat topshirdi. Ammo o’qishga kirishiga yarim ball yetmay qoldi.       Buni eshitib Opa: “Bor-yo’gi yarim ballmi”? dedilar-da, darrovda Andijon meditsina instituti rektoriga qo’ng’iroq qildilar. Rektorni yaxshi tanir ekanlar. U yerda kirish balli bu yerdagiga qaraganda pastroq bo’libdi. Kelsin, olamiz, faqat hujjatini ertaga tushgacha yetkazib kelsin, degan javob bo’ldi. Opa “Nima deysiz”, degandek menga qaradilar. Men Opaga xursand bo’lganimdan yaqin qarindoshimiz Andijonda yashashini, ammo hujjatni aytilgan vaqtga yetkazib borolmasligimni aytdim. Kun kech bo’lib qolgan, ertaga hujjatlarini olish ham kamida peshingacha cho’zilishi tayin edi. Opa hiyol o’ylanib turdilar-da, yana bir joyga qo’ng’iroq qildilar. U tomondan go’shakni ko’tarishdi shekilli:
-Menga Vali Majidovichni ulang, qizim, - deb o’zlarini tanishtirdilar.
Vali Majidovich Pediatriya institutining rektori edi. Ular juda iliq so’rashdilar. Mening qalbimda umid uchqunladi. Agar hujjatlarni hozir borib olsam va kechki tomon poyezdga o’tirsam, erta tongda Andijonga ularni yetkazib olib boraman. Opa azaliy odatiga muvofiq gapni qisqa qilib, maqsadga o’tdilar. Haqiqatdan, u kishi telefonda uzoq gaplashishni yoqtirmas edilar. Bu narsa xodimlarga ham o’tgan edi: yil natijalariga ko’ra, “Saodat” tahririyati telefon xizmatidan eng kam foydalanadigan redaktsiya, deb tan olinar edi. Nashriyotning yillik hisobot yig’ilishida bunga alohida e’tibor qaratilardi. Yengilgina kulgu ko’tarilardi. Aslida xotin-qizlar tahririyati eng sergapi bo’lishi kerak edi-yu. Vali Majidovich tomonidan qandaydir javob bo’ldi shekilli, Opa birdan jiddiylashdi:
-Ha, shundaymi?.. Hammalari, deysizmi?.. Mayli, mayli… Birgalikda harakat qilamiz, balki natija chiqar… nima deysiz? Ha… Siz o’z taklifingizni ayting… Yaxshi, kelishdik, - dedi u.
Ma’lum bo’lishicha, oltin medal olib, o’qishga kirolmagan bir mening qizim emas, bundaylar yigirmatadan oshiqroq ekan. Agar Opa “Saodat” jurnali nomidan bu qizlarni o’z himoyasi ostiga olsa, institutda qo’shimcha guruh tuzilishi mumkin ekan. Faqat vazirlik bunga ruhsat berishi kerak. Opa bu ushni uddalay olishiga ishondi shekilli, yana bir bor Andijonga qo’ng’iroq qilib, hujjat olib borishimizni kutmasliklarini tayinladilar. Opa birovni kuttirishdan yomoni yo’q, deb aytardilar, va o’zlari ham bunga qat’iy amal qilardilar: agar ular kitobxonlar bilan uchrashish uchun qayergadir borishlari kerak bo’lsa-yu (royxati menda turar edi), borolmay qolsalar, ularga albatta qo’ng’iroq qilib, uzrlarini aytardilar va o’zlarini o’rnilariga taniqli shoiralardan birortasini yuborardilar.

Shunday qilib, men yigirmanchidan o’ttizinchi avgustgacha, deyarli o’n kun o’zimni qo’yarga joy topolmay, behalovat bo’lib yurdim. Shu kunlar davomida Opa yangi guruh ochilishi uchun kerakli tashkilotlar bilan “jang” olib bordi. Agar qizlar bu yil o’qishga kirishmasa, kelasi yilgacha hammalari turmushga chiqib ketadilar. Oltin medallari sandiqning bir burchagida chang bosib yotadi. Afsus, shunday iqtidor, o’n yillik mehnat uvol bo’ladi, orzu-niyatlar armonga aylanadi. Opani mana shu narsa qiynar edi. Bundan tashqari, mazkur institut tashkil bo’lganiga ko’p bo’lmagan, tahririyatga esa Respublikada bolalar shifokorlari yetishmayotganligi haqida shikoyatlar tushar edi. Bizning bolajon mamlakatimizda bu xavotirli belgi edi. Bolalar o’limi yuqori edi. Opa mana shu maktublarga tayangan holda yuqori tashkilotlarga murojaat qilardilar.
Va nihoyat, o’ttizinchi avgust kuni vazirlikning yangi guruh tuzish bo’yicha qarori chiqdi. Opa o’zi ham tanimaydigan bu yigirmata oilaning quvonchi cheksiz edi. Yigirma nafar yosh qiz, yigirmata taqdir! Ular bu ezgu ish orqasida kim turganini tasavvur ham qila olmasdilar. Men Opaning katta umid va ishonch bilan:
-Bu qizlar o’z sohalarining shunday mutaxassislari bo’lib yetishib chiqsinlarki! – deganlarini hech qachon unutmayman.

Darhaqiqat, shunday ham bo’ldi. Ularning aksariyati o’z kasblarining munosib vakillari bo’lib yetishdilar. Shularning qatorida mening qizim Dilfuza ham yangi tug’ilgan chaqaloqlar bo’yicha yetuk mutaxassis bo’lib, tibbiyot fanlari nomzodi darajasigacha ko’tarildi.

Kitob samimiyat va iliqlik bilan yozilgan. Zulfiya xonimni ko’pchilik bilar, ozmi-ko’pmi tanir edi. Shoira faol ijtimoiy hayot tarzi bilan yashar, ko’p joylarga borar, odamlarning hurmatini joyiga qo’yar edi, va shunga yarasha o’zi ham insonlarning mehriga va hurmatiga sazovor bo’lgan edi. Ammo qanchalik yaqin bo’lishiga qaramasdan, kishi haqida hamma narsani bilib bo’lmaydi. Zulfiya xonimni taniganlarning aksariyati, Erkin Malikning xotiralarini o'qib, u kishining o'tmishdagi uchrashuvlar va muloqot paytida ko’ra olmagan sifatlarini o'zlari uchun kashf etadilar. Ehtimol, ularning fikriga ko’ra, buyuk qalb va yorqin tafakkur egasi bo’lmish shoira obrazi yanada mukammal, yaxlit va jonliroq bo’lib qoladi.


audiobook.uz loyihasining
badiiy rahbari,
rejissyor
Yelena Burova

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published