Baxtim shu- oʼzbekning Zulfiyasiman

Posted by Dilya Usmanova on

Oʼzbek shoirasi Zulfiya (haqiqiy ismi ZulfiyaIsroilova) 1915 yil 1 mart kuni Toshkentning Oʼqchi mahallasida hunarmand-ishchilar oilasida tavallud topgan. Sheʼrga, soʼzga, adabiyotga boʼlgan muhabbat unda bolaligida oilasidagi muhit sababli paydo boʼlgan. Bunda onasi Xadichabegimning roli katta.

Zulfiya 1922-yildan 1931-yilgacha maktabda, so'ng 1931 - 1934-yillar orasida qizlar bilim yurtida tahsil oldi.

Oʼrta maktab va ayollar pedagogik bilim yurtini aʼlo baholarga tugatgan Zulfiya respublikaning turli gazeta jurnallarida faoliyat yuritadi. 1932 yil 17 yoshida ilk sheʼriy toʼplami “Hayot varaqalari” nomi bilan chop etiladi. Ular asosan yoshlik, muhabbat, inson qalbi haqida edi. 1938 yillarda u turli yirik nashriyotlarda, gazeta-jurnallarda faoliyat yuritadi, turli respublika va respublikalararo tashkilotlariga aʼzo boʼladi.

Аyollar bilim yurtini tamomlagandan soʼng, 1935 yilda Zulfiya Oʼzbekiston fanlar qoʼmitasi qoshidagi Til va adabiyot instituti aspiranturasiga oʼqishga kiradi. Аynan shu paytlar institutda Hamid Olimjon ham faoliyat yuritar edi. Keyinchalik oʼqituvchi Hamid Olimjon va talaba Zulfiya oʼrtasidagi iliq munosabatlar muhabbatga aylanib, 1935 yilning 23 iyulь kuni ular oila quradi.

Zulfiya 1941-1950 yillarda Oʼzbekiston davlat nashriyotida boʼlim mudiri, 1950 – 53 yillarda “Saodat” jurnalida boʼlim mudiri, va keyinchalik bosh muharrir boʼlib faoliyat yuritadi.

Ikkinchi Jahon urushi boshlanganda, Zulfiya ham ijodkorlar doʼstlari safida turib urushning birinchi oylaridayoq biri otasini, biri oʼgʼlini, biri ogʼa-inisini, biri sevimli yorini frontga kuzatib, ular oʼrnida kunni tunga ulab mehnat qilayotgan oʼzbek ayollarining lirik obrazini yaratishga kirishadi.

1944 yil turmush oʼrtogʼi Hamid Olimjon avtohalokatda vafot etadi. Shoiraning shoir Hamid Olimjon xotirasiga bagʼishlab yaratgan “Hayot jilosi”, “Oʼrik gullaganda”, “Xayollar”, “Sogʼinish” va boshqa toʼplamlaridan joy olgan sheʼrlari tuygʼular, falsafiy umumlashmalar hayotga muhabbat ruhi bilan sugʼorilgan sheʼrlar turkumiga kiradi.

Shoira shuningdek, А. S. Pushkin, M. Yu. Lermontov. N. А. Nekrasov, M. Voqif, L. Ukrainka, M. Dilboziy, S. Kaputikyan, E. Ognesvet, Mustay Karim, Аmrita Pritam, Ye. Bagryanalarning asarlarini oʼzbek tiliga tarjima qilgan.

Zulfiya 1968 yilda Hindistonning Javoharlal Neru, 1971 yilda xalqaro “Nilufar” hamda 1970 yilda Hamza nomidagi Oʼzbekiston davlat mukofoti sohibasi boʼlgan. Shuningdek, Bolgariyaning “Kirill va Mefodiy” ordeniga sazovor boʼlgan.

O'ziga xos she'riyati bilan minglab kitobxonlar qalbini rom etgan iste'dodli shoira Zulfiya 1996-yilning 1-avgustida vafot etdi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 10 iyun sanasidagi farmoniga binoan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼsis qilingan. Mazkur mukofot har yili 8 mart — Xotin-qizlar kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.

Quyida audiobook.uz internet doʼkonimizdagi Zulfiya sheʼrlari va poemalaridan tashkil topgan Saylanmani diqqatingizga havola etamiz. Sheʼrlarni Oʼzbekiston halq artisti Dilorom Karimova audiobook.uz buyurtmasiga binoan oqib eshittirgan.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published