Audiokitoblar va ularning qulayliklari.
Audiokitoblardek yangilikning paydo bo’lishi katta qulayliklar yaratadi. Bolalik chog’larida ko’pchilikning ota-onasi yoki buvilari kechqurunlari uyqudan oldin ertaklar o’qib berishgan. Bu o’ziga yarasha tarbiya va mehrning bir namunasidir. U hammaga birdek yoqadi. Bu ertaklar ta’sirida bolaning fikrlash, tasavvur qilish doirasi kengayadi, yaxshi va yomonni ajratishni o’rganadi. Biz hammamiz katta bo’lib ulg’ayamiz, biroq hayolan beg’ubor bolalik davriga qaytishni yoqtiramiz.
Hozirgi rivojlangan davrda bolalar ertaklarni audiokitoblar orqali tinglashlari mumkin. Bu ota-onalarga katta qulayliklar yaratadi.
Zamonaviy hayot tarzi va vaqt tanqisligi natijasida kitob shaydolarining sevimli kitoblarini o’qishga va ulardan bahra olishga vaqt ajrata olishlari qiyin bo’lmoqda.
Shuning uchun hozirgi paytda audiokitoblarga talab ortib bormoqda. Ularning adabiyot yo’nalishida o’ziga yarasha o’rni bor. To’g’ri, audiokitoblar klassik asarlarning o’rnini bosa olmaydi, biroq kitob bozorining bir qismini olib qoya oladi. Masalan, sevgi romanlarini o’qiyotgan diktor o’z ishining ustasi bo’lsa, asar voqealarini aks ettirish bilan birga, undagi qahramonlarning barcha his-tuyg’ularini ham to’liq yetkazib bera oladi.
Bunday asar ko’pincha kompakt diskga yozilgan asar ko’rinishida bo’lib, artistlar yoki professional badiiy so’z ustalari tomonidan ovoz berilgan bo’ladi. Bunda repertuar turli-tuman bo’lishi mumkin- klassik adabiyotlardan tortib, zamonaviy nashrlargacha.
Audiokitoblarning afzalligi - uning ixchamligi va foydalanishdagi qulayligidir. Uni istalgan raqamli moslamaga yozib olish mumkin. Pleeringiz bo’lsa bo’ldi, uni istalgan joyda eshitishingiz va do’stlaringiz bilan baham ko’rishingiz mumkin.Buning uchun og’ir tomlarni ko’tarib yurishning hojati yo’q.
Audiokitoblarni qachon eshitish mumkin?
Odamlar uzoq masofadagi safarga ketayotganlarida bo’sh vaqtlari ko’p bo’ladi. Fursatdan foydalanib audiokitobni eshitish mumkin. Birinchidan, anchadan beri mo’ljallagan asari bilan tanishadi, ikkinchidan, zerikishdan qutuladi.
Bunday zamonaviy ixtiro uy bekalari uchun ham qulaylik yaratadi. Sevimli musiqa yoki kitobni tinglash jarayonida istalgan uy yumushini bajarish oson kechadi.
Audiokitoblar shuningdek hamisha shoshib yuradigan studentlarning maxsus adabiyotlarni eshitib, bilim darajalarini oshirish uchun ajoyib imkoniyatdir. Va yuqorida aytilganidek, jajji bolajonlar uchun ham ertak eshitishning beminnatgina oson yo’lidir.
Xullas, audiokitobdan kim nima maqsadda foydalanishi o’zining ishi. Muhimi, bu zamonaviy yangilikning foydali ekanligi va hayotimizga juda ko’p qulayliklar olib kirishidir.
Hurmat bilan,