“ALPOMISH” DOSTONI– O’ZBEK XALQINING MADANIY MEROSIDIR

Posted by Dilya Usmanova on

Alpomish” – xalq qahramonlik dostonidir. Turkiy xalqlar orasida uning bir necha versiyalari tarqalgan bo’lib, noyob badiiy asar hisoblanadi. “Alpomish” asari qadimda yaratilgan bo’lib, asrlar davomida kuylanib, xalq og’zaki ijodi sifatida bizlargacha yetib kelgan. “Alpomish’ - qadimiy turkiy tilda yozilgan dostondir. 1999 yilda O’zbekistonda "Alpomish" dostonining 1000 yilligini keng nishonlandi. Bu dostonda Alpomish laqabli Hakimbek degan qo’rqmas bahodir pahlavonning begona Qalmoqlar yurtida aziyat chekayotgan amakisi (qaynotasi) bilan sevgilisi Barchinoyni qutqarib kelishi va murod-maqsadiga yetishi juda jonli tasvirlangan. Alpomish Qalmoqlar yurtida ko’p qiyinchiliklarga, hiyla-nayranglarga duch kelib, ularni mardona yengib o’tadi. O'zining mardligi, haqqoniyligi, tantiligi tufayli Qalmoqlar yurtida ham, o’z vatanida ham adolatni qaror toptiradi. Ushbu dostonda o’zbeklarning fe'l-atvori juda mahorat bilan tasvirlangan.

Alpomish” dostoni qahramonlik, mardlik, vatanparvarlik, turli elatlar va xalqlarning birodarligi, sevgi va sadoqat, oila mustahkamligi va urug’lar birligini kuylovchi ulkan eposdir. Respublikamizning birinchi prezidenti Islom Karimov aytganidek, “Alpomish” dostoni bizga insonparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqqoniy bo’lishni, vatanimizni, oila qo’rg’onimizni qo’riqlashni, do’stu yorimizni, or-nomusimizni, ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishni o’rgatadi.

Doston qo’ng’irot urug’i boshliqlari – aka-uka Boybo’ri va Boysarining farzandsizligi tasviri bilan boshlanadi. Unda Hakimbek (Alpomish), Barchin, Qaldirg’ochlarning bir kunda dunyoga kelishlari, go’daklik chog’idanoq Barchinning Hakimbekka beshikker qilinishi tasvirlanadi. O’rtadagi fitna sababli aka-ukalarning o’rtasiga sovuqchilik tushib, Boysari o’n ming uyli elat bilan qalmoq eliga ko’chib ketadi va katta xatoga yo’l qo’yadi. Alpomish yorini olib kelish uchun o’zga mamlakatga safar qilar ekan, safar chog’ida Qorajon bilan do’st tutinib, Barchinning sovchilarga qo’ygan shartlarini bajaradi va yorini olib o’z yurtiga qaytadi.

Bo’linganni bo’ri yer, degan gap bejiz aytilmagan. Boysari yovuz qalmoqlar qo’lida qullikka tushib qoladi. Bundan xabar topgan Alpomish amakisini qutqarish uchun qalmoq eliga borib, u yerda yetti yil tutqunlikda qolib ketadi. Bu orada esa Boybo’ri ham fitna sababli qabila boshlig’idan qullikka tushib qoladi. Alpomish zindondan oti Boychibor yordamida qutulib, Qalmoq elida adolatni qaror toptiradi. O’z eliga qaytar ekan, Barchinning zo’ravon Ultontoz bilan bo’layotgan majburiy to’yi ustiga kelib qoladi hamda raqibini yengib, murod-maqsadiga erishadi. Bu voqealarning barchasi dostonda juda qiziqarli, eposga xos rang-barang badiiy bo’yoqlarda tasvirlangan. Alpomish va Qorajon, Qultoy va Yodgorlarning o‘zaro munosabatlari, hatto qahramonning oti Boychibor bilan munosabati tasvirida olijanob soddalik, ulug‘vor vazminlik, insoniylik, bolalarcha beg‘ubor samimiylik g‘oyatda go‘zal mujassamlashgan. "Alpomish" dostoni badiiy barkamol asardir. U o’zbek xalqining boy madaniniy merosi hisoblangan durdona asaridir.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published