9-fevral Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Posted by Dilya Usmanova on

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy- shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf.

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti Hirot shahrida tug‘ildi. Otasi G‘iyosiddin Muhammad - Temuriylar saroyida xizmat qilgan, o‘z davrining nufuzli kishilaridan biri bo‘lgan, o‘g‘lining tarbiyasi va ta'limiga jiddiy e'tibor bergan.

Alisher 4 yoshidan boshlab ta'lim ola boshladi. Bolalikdan kitob mutolaasiga mehr qo‘ygan va 50 ming bayt g‘azalni yod bilgan. O‘zi esa 10—12 yoshlaridan she'r yoza boshlagan va 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan. She'rlarini turkiy (Navoiy taxallusi bilan) va forsiy (Foniy taxallusi bilan) tillarida yozgan.

Navoiy yoshligidan Xurosonning bo‘lajak hukmdori Husayn Boyqaro (1469-1506) bilan do‘st bo‘lgan. Hayoti davomida Navoiy Sharqning turli mamlakatlarida bo‘ladi, o‘z davrining taniqli shaxslari bilan ko‘rishadi. O‘zining she'riy mahoratini oshiradi. 1464-1465 yillar Navoiy ijodining shinavandalari uning ilk she'riy to‘plamini (devonlari) tayyorlashadi.

1469 yil do‘sti Тemuriy Husayn Boyqaro Hirotni egallaydi va Xuroson hukmdori bo‘ladi. Shu vaqtdan e'tiboran, Navoiy hayotining yangi bosqichi boshlanadi. U mamlakatning siyosiy hayotida faol ishtirok etadi. Shu yili Xuroson hukmdori Navoiyni davlat muhrdori etib tayinlaydi, 1472 yil vazir bo‘ladi. Egallagan mansabi orqali u mamlakatning madaniy va ilmiy taraqqiyotida katta yordam ko‘rsatadi. Katta mulk egasiga aylanadi.

Tarixchilarning qayd qilishicha, 1480-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta'mirlattirgan.

Alisher Navoiyning ijodi ulkan. 1483-1485 yillar Navoiy o‘z ichiga besh dostonni olgan “Hamsa” asarini yaratgan: “Hayrat ul-Abror” (“Yaxshi kishilariing hayratlanishi”), “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab'ai sayyor” (“Etti sayyora”), “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”).

Navoiyning “Hamsa”si mazkur janrda yaratilgan turkiy tildagi birinchi asar hisoblanadi. U – turkiy tilida ham bu kabi yirik ko‘lamdagi asar yaratilishi mumkinligini isbotlab berdi.

Buyuk adib umrining oxiriga qadar ilm-u ijod bilan qizg‘in va samarali shug‘ullandi, ko‘plab diniy, adabiy asarlar yaratdi. Hayotining so‘nggi yillarida umr bo‘yi hayolini band etgan «Lison ut-tayr»ni qog‘ozga tushirdi. Boshqalar bilan olib borgan yozishmalari — xatlarini to‘plab «Munshaot» («Xatlar») tuzdi. 1500-yilda buyuk mu-tafakkirning yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini o‘zida ifodalagan «Mahbub ul-qulub» («Ko‘ngillarning sevgani») asari maydonga keldi. Bu buyuk adibning so‘nggi asari edi.

Alisher Navoiy 1501-yilning 3-yanvarida vafot etdi.

Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan. Yuqori mansabga ega shaxs bo‘la turib, u mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shgan; ilm, fan, san'at rivojiga homiylik qilgan; tinchlik va totuvlik hukmron surishiga doim harakat qilgan.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published