Har yili 23 aprelda Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni nishonlanadi. Bu keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, turli madaniyatlarga mansub millionlab odamlarni birlashtiradi hamda mualliflar huquqi va intellektual mulkni himoya qilish zarurati haqida muhim eslatma bo‘lib xizmat qiladi.
1995 yil Parijda bo‘lib o‘tgan YUNESKOning Bosh konferentsiyasi kitoblar va mualliflarga ehtirom bildirish maqsadida barchani, ayniqsa yoshlarni, kitob o‘qishdan huzur topishga va insoniyatning ijtimoiy va madaniy rivojlanishiga ko‘maklashganlarning tengsiz hissasini hurmat qilishga chaqirdi va shu kunni Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni deb e'lon qildi. Bu qaror ta'lim, madaniyat an'analarini anglashni rivojlantirish, kitoblar bilimni tarqatish vositasi va uni saqlashni ishonchli usuli sifatida ta'sis etildi.
Bu kunda kitob ko‘rgazmalari, yarmarkalar o‘tkazish samara beradi. Kitob orqali biz nafaqat bilim olamiz, balki, fikrlash, ma'naviy, axloqiy qadriyatlar bilan tanishib boramiz.
Kitob shuningdek, millatlar, ularning udumlari va an'analari bilan tanishtiruvchi vositadir. U turli madaniyatlar va sivilizatsiyalarni birlashtiruvchi ko‘prikdir. Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kunini nishonlaganda, kitobning barcha xalqlar madaniy va ma'naviy merosini asrovchi va boyituvchi ahamiyatiga alohida e'tibor qaratish zarur.
Dunyoning ko‘pgina shaharlarida an'anaviy kitob taqdimotlari, ko‘rgazmalari, uchrashuvlar, turli madaniy-ko‘ngil ochar tadbirlar uyushtiriladi. 2001 yildan boshlab, bir shahar tayin etib, unga bir yil davomida Jahon kitob markazi degan unvon berish an'anaga kiritilgan. 2025 yilda ushbu sharafli vazifa Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga topshirildi. U adabiy tashabbuslar shahriga aylanib, bilim, san'at va ijtimoiy muloqot manbai sifatida kitobga bo‘lgan qiziqishni jonlantiradi.
Ushbu sanani nishonlash maqsadida o‘tkazilayotgan turli tadbir va ko‘rgazmalar yildan yilga o‘sib, uning geografiyasi kengayib bormoqda. Yurtimizda ham bu kunda turli davralar, adabiyot vakillari, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etiladi.
Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni kitoblarni yaratgan, nashr etgan, saqlagan va keng ommaga tortiq etayotgan insonlarga minnatdorchilik bildirish imkonidir. Fursatdan foydalanib barcha yozuvchi va shoirlar, muharrirlar, tarjimonlar, noshirlar, nashriyot xodimlari, kitob sotuvchilaru kutubxonachilarni bugungi bayram bilan tabriklaymiz.
Va albatta, mutolaa zavqidan bahra oluvchi barcha insonlarni ham tabriklab qolamiz. Zero, kitobxonlar bo‘lmasa, kitoblar bunday muhim ahamiyat kasb etmas edi.