2-APREL XALQARO BOLALAR ADABIYOTI KUNI

Posted by Dilya Usmanova on

Bolalar adabiyoti kuni bayramining kelib chiqishi va nishonlash an’analari 

Har yili 2 aprelda Xalqaro bolalar adabiyoti kuni nishonlanadi. Bu bayram 1967 yilda Xalqaro bolalar adabiyoti kengashi tomonidan ta’sis etilgan. Bayramning bu kunga to’g’ri kelishi tasodifiy emas – 1805 yil 2 aprelda buyuk daniyalik yozuvchi Gans Xristian Andersen tavallud topgan. Shu munosabat bilan bayramni aynan mana shu kuni nishonlash belgilangan.

Xalqaro bolalar adabiyoti kunining ta’sis etilishi bolalar uchun mo’ljallangan kitoblar ularning tarbiyasi va intellektual rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini bildiradi. 

Bolalar adabiyoti paydo bo’lganiga uncha ko’p bo’lgani yo’q. XVII asrning o’rtalariga qadar bolalar kattalar nimani o’qisalar, shuni o’qiganlar. Ertaklar, rivoyatlar, dostonlar faqat og’zaki ijod mahsuli bo’lgan. Bolalarga kattalar tomonidan D.Defoning “Robinzin Kruzo”, J.Sviftning “Gulliverning sarguzashtlari” kabi romanlar, sharq ertaklar yig’indisidan “Ming bir kecha” kitobiga kiritilgan “Oloviddin”, “Ali bobo va qirq qaroqchi”, “Sindbodning yetti sayohati” kabi asarlar o’qib berilgan. XIX asrga kelgandagina bolalar aynan o’zlari uchun yozilgan asarlarni o’qiy boshladilar. Bular xususan aka-uka Grimm va G.X.Andersen kabi bolalar yozuvchilari tomonidan yozilgan ertaklar edi. 

Xalqaro bolalar adabiyoti kuni bayramini o’tkazish an’analari

Hozirgi kunda bolalar adabiyoti alohida butun bir yo’nalishdir. Har yili Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining Milliy sho’balaridan biri ushbu bayramga homiylik qilishdek faxrli huquqni qo’lga kiritadi. Bayram mavzusi tanlanib, taniqli mualliflardan biri dunyo bolalariga maktub yozish uchun taklif qilinadi.

Shuningdek taniqli rassom tomonidan Xalqaro bolalar adabiyoti kuniga bag’ishlab plakat chiziladi.

Bu kuni ikki yilda bir marotaba bolalar adiblari va rassomlariga ushbu adabiyot yo’nalishi bo’yicha asosiy va nufuzli bosh sovrin – Andersen nomidagi oltin medal Xalqaro mukofoti topshiriladi. Bu mukofotni “Kichik Nobel mukofoti” deb ham ataydilar. Faxriy mukofotlardan yana biri – eng yaxshi bolalar kitobinining illyustratsiyasi va eng yaxshi tarjima uchun taqdim qilinadi.

Xalqaro bolalar adabiyoti kuni munosabati bilan dunyoning ko’pgina davlatlarida Bolalar adabiyoti haftaligi o’tkaziladi. Eng yaxshi asarlarga bag’ishlab ko’rgazmalar, mushoiralar, konferentsiyalar va festivallar bo’lib o’tadi. Kitoblardagi asarlar bo’yicha teatr tomoshalari qo’yiladi. Bayramga bolalar adiblari tashrif buyurib, kichik kitobxonlarning savollariga javob beradilar.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published