Isteʼdodli rus shoiri, dramaturg, noshir va publitsist Ivan Andreevich Krilov rus adabiyoti tarixidan asosan mashhur masalnavis sifatida oʻrin olgan. Uning ijodiy merosini 9 kitobdan joy olgan tragediya va komediyalar, 230 dan ortiq masal tashkil etadi.
Ivan Krilov 1769 yilning 2 fevralida Moskva shahrida harbiylar oilasida tugʻilgan. Kam oylik oladigan harbiy otaning maoshiga bir amallab kun kechirayotgan oila Ivan 6 yoshga toʻlganda oʻz boquvchisidan ajralib qoladi. Yoʻqchilik bois Ivan Moskvada boshlagan oʻqishini davom ettirolmaydi. Lekin mustaqil ravishda bilimlarini boyitib, oʻz davrining mashhur kishilaridan biriga aylandi. Bularning bari boʻlgʻusi masalchining mustaqil ravishda kitob oʻqishga, til oʻrganishga boʻlgan katta qiziqishi, tinimsiz intilishi, izlanishi samarasi edi.
Oddiy xalq Krilov uchun haqiqiy hayot maktabi boʻlib xizmat qilgan. U turli xalq sayillarida, koʻcha-koʻyda uyushtiriladigan bazmlarda koʻp bora ishtirok etardi, ulardan cheksiz zavq-shavq olardi. Aynan oddiy odamlar orasida u xalq donishmandligining oʻtkir namunalaridan bahramand boʻldi. Kulgi, kesatiq, qochirim, hajv asnosida gʻaflatda yurgan, kalondimogʻ, bepisand olifta boyvachchalar, terisi qalin, tepsa-tebranmas amaldorlarning qitiq patiga tegishda moʻljalni shunday aniq olardiki, “oʻq” tegmasdan qolmasdi. U demoqchi boʻlgan fikrini oddiy xalq tilida, oddiy iboralar bilan qisqa va sodda bayon etardiki, taʼsirchanligi zumda kuchini koʻrsatardi. Ayniqsa, parrandayu darrandalar misolida jamiyatdagi mavjud illatlarga qarata aytilgan masallar nishonga bexato tegardi. Bu koʻpchilikning qahr-gʻazabini keltirsa-da, oʻzlari haqida gap ketayotganini bildirmaslik uchun tillarini tishlashga majbur boʻlishardi.
Dramaturgiya Krilov hajv “nota”sining yanada baland pardalarga koʻtarilishiga turtki berdi. U oyda bir marta chiqadigan hajviy jurnal nashr eta boshlaydi. Oradan sakkiz oy oʻtib, jurnal faoliyatini toʻxtatadi. Chunki unda bosilayotgan hajviyalar amaldorlar oʻrtasida keskin norozilikni keltirib chiqara boshlagandi.
Mamlakatda imperator oʻzgargandan keyin vaziyat birmuncha yumshaydi. Krilov poytaxtga qaytib, yozish uslubini oʻzgartiradi – masal yozishga oʻtadi. Chunki tobora chirib borayotgan jamiyatning mavjud illatlarini ochiqchasiga aytib boʻlmasdi. Hayvonlar nomidan kinoyali gapirish, shama qilish, kesatiq, qochirim orqali maqsadiga erishadi. Uning masallarida ijtimoiy illatlar fosh etilgan, zulm va zoʻrlik qoralangan.
Rus adabiyotida asarlari xalqchil, hammabop boʻlgan Ivan Krilovdan boshqa yozuvchini topish qiyin. Adabiyotshunoslarning haqli eʼtirof etishlaricha, Ivan Krilovning obroʻyi, shon-shuhrati barcha zamondoshlaridan, hattoki Pushkin va Gogoldan ham yuqori boʻlgan.
Krilov 1844 yil 21 noyabr kuni zotiljam kasalligidan vafot etadi.