12-dekabr o’zbek yozuvchisi Hamid Olimjon tavallud topgan kun

Posted by Dilya Usmanova on

HAMID OLIMJON (1909-1944)

Hamid Olimjon (asl ismi Azimov Hamid Olimjonovich) 1909-yil 12-dekabrda Jizzaxda tugʻilgan. Onasi va buvasi unga yoshligidan ko‘plab xalq ertaklari, dostonlari va qo‘shiqlarini aytib berishgan. Keyinchalik yozuvchi boʻlgach, u folklor yoʻnalishiga ham yigʻuvchi, ham tadqiqotchi sifatida yondashgan. Olimjon 1918-yil Jizzaxda ochilgan oʻrta maktabga, keyin esa Samarqandga oʻqishga kiradi. 1928-yildan 1931-yilgacha o‘zbek pedagogika akademiyasida tahsil oladi va o’sha davrda ilk «Ko’klam” nomli she’riy to’plamini chiqaradi.

Oʻqishni tugatgach, Olimjonning Toshkentga kelishi uning hayotidagi yangi va muhim qadam tashlanganini anglatardi. U gazeta va jurnallarda jurnalist hamda muharrir sifatida ishlaydi, shu bilan birga o‘zining adabiy faoliyatini ham davom ettiradi.

Shoir o‘zining «Daryo kechasi» (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O‘lka» (1939), «Baxt» (1940) to‘plamlari, «Ikki qizning hikoyasi» (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor» (1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg‘» (1939) dostonlari bilan novator shoir sifatida davrining ilg‘or g‘oyalarini tarannum etdi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a'zosi (1943) Hamid Olimjon o‘zbek adabiyotpning dolzarb masalalari bo‘yicha qator ilmiy-tanqidiy asarlar yaratdi. U A.S. Pushkin, L.N. Tolstoy, M. Gorkiy, V. Mayakovskiy, A. Serafimovich, T. Shevchenko, M. Lermontov, N. Ostrovskiy, A. Korneychuk asarlarga tarjima qildi va ular haqida maqolalar yozdi.

O‘zbek xalq og‘zaki ijodining ajoyib durdona asari «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon tomonidan nashrga tayyorlanib, so‘z boshi bilan (1938) chop etildi.

Hamid Olimjon 1944-yil 3-iyulda (34 yoshida) avtomobil halokati natijasida vafot etgan. U 34 yoshda edi.

O‘zbek xalqining atoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi Hamid Olimjon o‘zidan o‘lmas meros qoldirgan. U o‘zbek she'riyatida jo‘shqin lirizmga asoslangan she'riyat maktabini yaratgan ijodkordir.


Toshkent metropoliteni bekatlaridan biri va Qarshi davlat pedagogika institutiga Hamid Olimjon nomi berilgan. Qolaversa, Toshkent shahrida, Hamid Olimjon nomi bilan atalgan maydonda 1990-yil uning sharafiga haykal oʻrnatilgan.

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published