10-aprel yozuvchi, shoir, tarjimon, dramaturg, o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun

Posted by Dilya Usmanova on

 

O‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894 yil 10-aprelda Toshkent shahrining Eskijo‘va mahallasida tavallud topgan. Adibning otasi Qodirbobo (1820-1924y) xon, beklar qo‘lida sarbozlik qilgan, rus bosqini paytida Toshkent mudofaasida qatnashgan..

Qodiriy 9 yoshida eski usuldagi maktabda tahsil ola boshlaydi. Oilasi nihoyatda qashshoq kun kechirgani uchun 12 yoshida bir boy oilaga xizmatchi bo‘lib yollanadi. Boy xo‘jayin savdogar bo‘lib, rus tilida savodi bor odamga muxtoj edi, shuning uchun Abdullani rus maktabiga o‘qishga yuboradi.

18 yoshida manufakturada savdo qiluvchi kishiga prikazchik bo‘lib ishga kiradi. 1913 yilda o‘zbekcha «Sadoi Turkiston», «Samarqand», «Oina» gazetalari chiqa boshlagach, shularga maqola yozish fikri uyg‘onadi…

Nikolay taxtdan yiqilgandan keyin oddiy xalq militsiyasiga ko‘ngilli bo‘lib yoziladi. 1918 yil boshlarida Eski shahar oziq-ovqat komitetiga bosh kotib etib tayinlanadi, bir yil o‘tib esa mazkur komitetning gazetasiga muxarrir bo‘lib tayinlanadi. Keyinchalik «Rusto» devoriy gazetasida muxbir, «Ishtirokiyun» va «Qizil bayroq» gazetalarida xodim, «Mushtum» jurnalining muannisi va tahririya a’zosi bo‘lib o‘z faoliyatini davom ettiradi.

Adibning ilk ijodi 1913 — 1914 yillarda boshlangan bo‘lib, dastlab u shoir sifatida qalam tebratgan. Uning «Ahvolimiz», «Millatimga», «To‘y», «Fikr aylag‘il» (1914 — 1915) kabi she’rlari «Sadoi Turkiston» gazetasi va «Oina» jurnalida bosilgan. A. Qodiriy shu she’rlarida millatdoshlarini jaholat va xurofotga qarshi kurashga chaqirib, ma’rifatparvar shoir sifatida maydonga chiqqan. Bu yillarda u «Baxtsiz kuyov» (1915), «Hech kim bilmasin» kabi sahna asarlarini ham yozgan. Uning «Juvonboz» (1915), «Uloqda» (1916) kabi hikoyalarida o‘z xalqini savodli, bilimli, madaniyatli va ozod ko‘rish istagi sezilib turadi.

Adib dastlabki asarlarini turli taxalluslar ostida e’lon qilgan. Shu taxalluslardan biri va xalq o‘rtasida mashhur bo‘lgani Julqunboydir.

 

1924 yili Abdulla Qodiriy Moskvaga borib, Jurnalistlar institutida tahsil oldi. Moskvadan qaytib, «Mushtum» jurnalida shtatsiz muxbir bo‘lib ishlay boshladi. Uning «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» va «Kalvak mahzumning xotira daftaridan» turkumidagi hajviy hikoyalari shu jurnalda ilk bor bosildi.

Abdulla Qodiriy 1917-1918 yillardan boshlab «O‘tgan kunlar» romani uchun material yig‘ishga kirishdi. 1922 yilda birinchi o‘zbek romanining dastlabki boblari «Inqilob» jurnalida chop etila boshlandi. 1925 — 1926 yillarda «O‘tgan kunlar» uch bo‘lim holida kitob bo‘lib nashr etildi.

1928 yil yozuvchining ikkinchi tarixiy romani «Mehrobdan chayon» nashrdan chiqdi.

1934 yilga kelib, Abdulla Qodiriy qishloq xo‘jaligi mavzuiga bag‘ishlangan «Obid ketmon» qissasini yaratdi. Undan tashqari, u Gogolning «Uylanish» komediyasi va G‘arb yozuvchilarining satirik hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Abdulla Qodiriy «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o‘g‘ri», «Dahshat» kabi romanlar yaratish orzusida bo‘lgan. Ammo mustabid tuzum bu orzularining to‘la ro‘yobga chiqishiga imkon bermadi.

Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat hibsga olingan. 1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkentda qatl etilgan.

Uning asarlari 1956 yildan boshlab yangidan nashr etila boshlandi. 1990 yilda Respublika Prezidentining farmoni bilan A. Qodiriy nomidagi Respublika Davlat mukofoti ta’sis etildi. 1991 yili esa A. Qodiriyga Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti berildi. 1994 yili — Mustaqillikning uchinchi yilida unga «Mustaqillik» ordeni taqdim qilindi.

Hozirgi kunda esa bir qator ko‘chalar, bog‘lar, maktablar, kutubxona va institutlar yozuvchining tabarruk nomi bilan ataladi. Adib nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutida eng bilimdon talabalarga Abdulla Qodiriy nomidagi stipendiya belgilangan.

 

 Audiobook.uz saytida O'zbekiston xalq artisti Malika Ibrohimova tomonidan o'qib eshittirilgan "O'tkan Kunlar" audioromanini bepul tinglashingiz mumkin:

Birinchi qism
Ikkinchi qism
Uchinchi qism




0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published