BOLALAR VA ERTAKLAR

Posted by Dilya Usmanova on

Ertaklarning bola tarbiyasidagi ahamiyati

Kichkintoy bolajonlar ikki yoshdan boshlab ertaklarning ajoyib va sehrli olamiga kirib keladilar. Biroq onalar jigargo’shalarini bunga tug’ilishlari bilanoq tayyorlaydilar.

Как влияют сказки на развитие ребенка?

Chaqaloqlarning hayotidagi birinchi adabiyot  - bu ona allasidir. Go’daklar mehribon ona aytgan allalar ta’sirida ovunadilar va uxlaydilar.Bola katta bo’lgan sayin asta-sekinlik bilan ona allasidan ertaklarga o’tiladi va bu ertaklar ularning xotiralarida bir umr muhrlanib qoladi. Ushbu maqolamizda ertaklarning bolalar rivojlanishida qanday o’rin tutish haqida ma’lumotlar beriladi.

Ertaklar kichkintoylarga murakkab insoniy munosabatlar, tabiat hodisalari hamda atrofdagi muhit haqida bilimga ega bo’lishiga yordam beradi. Ehtimol kimdir bolaning hayotni anglab yetishi uchun ertakning o’rniga bo’lib o’tgan voqealarni to’g’ridan-to’gri aytish kerak, deb o’ylar. Biroq psixologlarning ta’kidlashlaricha – aynan ertaklar orqali bolalar hayotni xavfsizroq yo’l bilan tushunib yetadilar hamda uni anglashlarii osonroq kechadi.

Ertaklar bolaning yoshiga qarab tanlanishi kerak

Farzandingiz uchun ertak tanlayotganda, uning yoshini va ruhan rivojlanganligini albatta hisobga oling. Shunday yo’l tutsangizgina ertak farzandingizga foyda keltirishi mumkin.

Ikki yoshdan besh yoshgacha bolalar uchun

Bu yoshdagi bolalar uchun ertaklarning qahramonlari – yovvoyi yoki uy hayvonlaridir. Kattalarning og’zidan ertakni eshitgan bolajonlar ularga taqlid qiladilar hamda hayvonlarning harakat va ovozlarini o’xshatishga harakat qiladilar. Kichkintoylar yaxshi ko’rgan ertaklarini qayta va qayta tinglashni yoqtiradilar va har tinglaganlarida ertakning ichiga kirib ketadilar.

Shuni unutmaslik kerakki, bolalar ertaklarni yaxshiroq tushunishlari va hodisalarni tasavvur qilishlari uchun tasvirlar va rasmlar kerak. Buning uchun sifatli rasmlari bo’lgan ertak kitoblarini sotib oling, ertak suyujeti asosida olingan multfilmlarni birga tomosha qiling yoki qo’g’irchoq teatrini sahnalashtiring.

Bunday davrda bolaning fantaziyasi rivojlana boradi, shuning uchun ta’sirchan bolalar sehrli voqealarning qahramonlaridan cho’chishlari mumkin. Ruhiyat bilan bogliq bo’lgan muammolarga duch kelmaslik uchun farzandingizga yoqadigan va u yoqtirmaydigan ertak qahramonlarini ajratib oling.

Besh yoshdan yetti yoshgacha

Bu yoshdagi bolalarga o’zi yoqtirgan istalgan bolalar adabiyotini o’qib berish mumkin. Albatta yaxshilik, mehnatsevarlik hamda jasurlik kabi sifatlarning shakllanishiga sabab bo’luvchi ertaklarga ko’proq e’tibor berish lozim.

Maktabga chiqish arafasida ko’pgina bolalar mustaqil o’qishni yaxshi ko’radilar. Ularning bu intilishlarini qo’llab-quvvatlang, ammo farzandingiz o’qishni bilishiga qaramay sizdan ertak o’qib berishingizni so’rasa, ra’yini qaytarmang.

Ertak o’qish jarayonida huddi o’yindagi kabi katta hamda kichik avlod bir-biri bilan yaqinlashadi va ularning o’rtalarida yaqin emotsional munosabatlar shakllanadi.

Ertakning bolaning ruhiy rivojlanishiga ta’siri

Ertaklarning asosiy vazifasi – bolalarga tushunarli tilda dunyo haqida gapirib berib, ularni katta hayotga tayyorlash. Psixologlar ertaklarning bola shaxsiyatining rivojlanishiga qanday ta’sir qilishi haqidagi bir necha omillarni aytib o’tdilar.

1.Sehrli voqealar empatiya – ya’ni rahmdillikni shakllantiradi. Ertak qahramonlarining sarguzashtlari haqida bilgan bola, ularning taqdiri uchun qayg’uradi, ular bilan birga yovuz personajlarga qarshi kurashadi hamda qiyinchiliklarga duch kelganda ularni yengishni o’rganadi.

2.Ertakdagi voqealar bolalarning jinsiy rivojlanish tarbiyasida muhim o’rin tutadi. Qizaloqlar bo’lajak ona, yaxshi beka hamda sodiq dugona  modellarini o’zlashtiradilar. O’g’il bolalar esa boshqa rollarni o’zlashtiradilar: ojizlarni himoya qilish, kuchli bo’lish, oila boshlig’I bo’lish.

3.Ertaklar orqali ota-ona o’z farzandiga “yaxshi” va yomon” ni ajratishni o’rgatadi. Kichkina bolalar nasihatga quloq solish u yerda tursin, uning nima ekanligini ham yaxshu tushunmaydilar. Sehrli ertaklar esa bolalarga har qanday sharoitda o’zini qanday tutish kerakligi haqida o’rgatadi. Ertaklar – yaxshilikka yetaklar!

4.Ertaklarning bola rivojlanishidagi ahamiyati katta, albatta. U nutqni, tasavvur qilishni mukammallashtiradi, chunki bola o’zini bosh qahramon o’rnida ko’radi. Bunday ko’nikmalar bola hayotining yangi bosqichi hisoblanadi va uning ijodiy qobiliyatining rivojlanishiga asos bo’la oladi.

5.Ertaklar bolaning dunyoqarashini kengaytiradi, ijtimoiy hayotga moslashtiradi. Ikki yoshli go’dakning atrofida nima bor? Hech narsa – ota-ona, buvi-bobo hamda o’yinchoqlari. Ertakdagi voqealar orqali esa bolakay hayvonlar, sehrli mamlakatlar, malika va shahzodalar hattoki yalmog’iz kampir bilan tanishadi.   

Ertaklarning turlari  va ularning bolalarga ta’siri

Barcha ertaklarni shartli ravishda ikki turga bo’lish mumkin: mualliflik ertaklari hamda xalq ertaklari. Bu ikkala turdagi ertaklar ham bolalarga yoqadi, shuning uchun ular haqida batafsil to’xtab o’tamiz.

Xalq ertaklari

Bunday ertaklar bir necha asrlar davomida zamonga moslab o’zgartirilgan va shakllangan, shuning uchun muhim falsafiy ma’noga ega.

Bolani avvalam bor o’zining madaniyatiga tegishli bo’lgan ertaklar bilan tanishtirish kerak. Ammo faqatgina o’z xalqining ertaklari bilan ham chegaralanib qolmaslik lozim.

Xalq ertaklari o’z navbatida uch turga bo’linadi.

1.Hayvonlar haqida.

Aynan ana shunday ertaklar bolalarga yaxshi ta’sir qiladi. Bolalar uchun hayvonlar shunchaki ertak qahramonlari emas, balki o’z bilimi, fazilati va kamchiligiga ega bo’lgan shaxslardir.

2.Kundalik hayot haqida

Bunday ertaklar oilaviy hayot haqida hikoya qiladi hamda kelishmovchiliklarning yechimini topish yo’llarini ko’rsatadi. Bosh qahramon barcha qobiliyatini ishga solib, maqsadiga yetadi. Kundalik hayot haqidagi ertaklar bolada qat’iylik, maqsad sari intilish va jasurlik kabi xususiyatlarni shakllantiradi.

3.Qo’rqinchli ertaklar

Bunday ertaklar bolalarda kattalar hayotiga nisbatan o’ziga xos immunitet yaratadi. Tabiiyki, bunday ertaklar me’yorida bo’lishi hamda ularni uyqu oldidan o’qimaslik kerak, ayniqsa bolangiz hissiyotga qattiq beriluvchan bo’lsa. Ammo umuman ta’qiqlash kerak emas.

Mualliflik ertaklari

Ertaklarning bu turi ham bolaning rivojlanishi uchun juda mihim, chunki bunday ertaklar qahramonlarining turliligi hamda kutilmagan voqealarga boyligi bilan ajralib turadi.

Mualliflik ertaklarini ham shartli ravishda bir necha turga bo’lish mumkin.

1.Sehrli

Yozuvchilar tomonidan yozilgan sehr va mo’jizalarga boy bo’lgan ertaklar xalq ertaklaridan ta’sirchanligi va qahramonlarning konkretligi bilan, syujetining ravshanligi va puxtaligi bilan ajralib turadi. Aka-uka Grimm, Sh. Perro, G.H.Anderson kabi yozuvchilarning ertaklari bunga misol bo’la oladi.

2.Ta’lim-tarbiyaviy

Bunday ertaklar asosan pedagoglar tomonidan yozilgan bo’lib, bolalarga darslar va nasihatlarsiz ta’sir o’tkazish hamda ularga bilim berishga qaratilgan. Bunday yo’l bilan kichkintoylar harf va raqamlarni osonroq va tezroq o’rganadilar.

3.Psixokorrektsiyalovchi

Psixologlar tomonidan tanlangan va yozilgan ertaklar yordamida farzandingizning fe’l-atvorini ijobiy tomonga o’zgartirishingiz mumkin. Psixologiya sohasida hatto ertakli terapiya yo’nalishi bor. Ruhshunos mutaxassislar bunday ertaklar yordamida boladagi qo’rquv, alamlarni ketkazadilar, oila a’zolari hamda do’stlari bilan munosabatlarni yaxshilashga yordam beradilar.

Shubhasiz, ertaklar bolaning psixologik rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatadi, biroq ertaklarni faqatgina tarbiyaviy ahamiyatining ketidan quvish kerak emas.

Ertaklarni o’qish va tinglash – bu avvalambor bolalarga zavq bag’ishlovchi maroqli mashg’ulot bo’lishi zarur.  

Hurmat bilan,

audiobook.uz

 

0 comments

Leave a comment

Please note, comments must be approved before they are published